Qayd etilishicha, bir guruh masʼullardan iborat Davlat hayʼat aʼzolari Toshkent viloyati Yangiobod tumanidagi sobiq uran koniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ishchi guruh Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Yangiobod uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Maʼlumot uchun, Yangiobod obyektidagi ishlar 2024-yil fevral oyidan boshlangan. Bunda hududda istiqomat qiluvchi mahalliy aholi vakillari va tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashilgan. Bugungi kunga qadar rekultivatsiya qilingan maydonlar geodezik tasvirga olingan, 850 m uzunlikdagi kirish yoʻllari qurilgan, obyektning barcha uchastkasida beton va gʻisht qurilmalari hamda temir-beton konstruksiyalari buzilib, zararlangan beton qoldiqlarini yoʻq qilish uchun saqlash joyi (poligon) barpo qilingan.
Oʻrganish davomida, shuningdek, hududda yer usti suvlarini drenajlash tizimi qurilgani, shaxta va shtolnya (konchilikda foydalanish uchun yer yuzasiga chiqish yoʻli boʻlgan, gorizontal yoki qiya qazilgan kon inshooti) yopilgani, shaxta drenajlarini infiltratsiya (suyuqlik yoki gazning gʻovak, yoriq va boshqa kichik boʻshliqlar orqali qattiq jins yoki tuproqqa kirib borishi) qilish uchun transheya (kerakli uzunlikda qazilgan chuqurlik) hosil qilingani, koʻmilgan qoldiqlar va yuvilgan rudalar ustiga qoplama oʻrnatilgani maʼlum boʻldi. Qolaversa, uchastkalar boʻylab daryo qirgʻoqlari himoya choralari bilan taʼminlangan, zararlangan qatlam ustiga himoya qatlami yotqizilgan, shtolnyadan chiqayotgan chiqindi suv uchun diametri 1000 mm boʻlgan polipropilen quvurlar yotqizilgan.
Bundan tashqari, uran konlarini zararsizlantirishda samarali ishlar amalga oshirilganligi, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik choralariga amal qilinayotganligi alohida taʼkidlandi. Loyiha doirasida qilingan ishlar boʻyicha mahalliy aholi vakillari bilan ham uchrashuv oʻtkazilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Maʼlumot uchun, YETTB bilan Toshkent viloyatidagi Yangiobod va Namangan viloyatidagi Chorkesar-2 uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish toʻgʻrisida qiymati 9 million yevro boʻlgan grant bitimi imzolangan. Bu loyiha Yangiobod va Chorkesar hududlaridagi radioaktiv nurlanishni yoʻqotib, xavfsiz hududga aylantirish va bu orqali aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida Chorkesar-2 sobiq uran konida rekultivatsiya ishlari 2024-yil avgust oyida yakunlangan boʻlib, barcha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilgan.








