Maʼlum qilinishicha, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi inflyatsiyaning pasayish surʼatini sekinlashtirgan. Jumladan, fevral oyida yillik umumiy inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, bazaviy inflyatsiya 6,3 foizga yetgan.
Inflyatsion kutilmalar aholi oʻrtasida 11,2 foiz, tadbirkorlar orasida esa 10,8 foiz darajasida shakllangan.
Shu bilan birga, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanmoqda. Xususan, yanvar oyida chakana savdo 14,7 foizga, ulgurji savdo 15,6 foizga, umumiy ovqatlanish xizmatlari 18,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, xizmatlar 14,8 foizga va qurilish 9,2 foizga oʻsgan.
Markaziy bank geosiyosiy keskinliklar kuchayishi orqali global taʼminot zanjirlarida uzilishlar, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlarining oshishi import inflyatsiyasini kuchaytirishi mumkinligini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizgacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholi xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavka boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 29-aprel kuniga belgilangan.