Regulyatorning taʼkidlashicha, iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori boʻlib, inflyatsiya pasayish dinamikasini davom ettirmoqda. Xususan, 2025-yil dekabr oyida yillik inflyatsiya 7,3 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi.
Shunga qaramay, xizmatlar inflyatsiyasining yuqoriligi va oziq-ovqat narxlaridagi ehtimoliy xatarlar pul-kredit siyosatini amaldagi qatʼiy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
2025-yil davomida ichki valyuta bozoridagi ijobiy muhit va eksport tushumlarining ortishi natijasida milliy valyuta — soʻm 6,9 foizga mustahkamlandi.
Bu jarayon import inflyatsiyasi bosimini pasaytirishga va tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qildi. Shuningdek, oltin narxining yuqoriligi eksport va byudjet daromadlari uchun muhim tayanch boʻlib qolmoqda.
Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026-yil yakuni bilan inflyatsiya 6,5 foiz atrofida boʻlishi, iqtisodiy oʻsish surʼatlari esa 6,5-7 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Markaziy bank kelgusi choraklarda inflyatsion kutilmalar barqaror pasaygan taqdirda, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatini koʻrib chiqishi mumkin. Asosiy maqsad — oʻrta muddatda inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga tushirish va aholining xarid qobiliyatini himoya qilishdir. Regulyator boshqaruvining asosiy stavka boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 18-mart kuniga belgilandi.