Markaziy bank esdalik tangalari va suvenir toʻplamlari dizaynlariga tanlov eʼlon qiladi

    Moliya 1 Mart 2021 718

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Mustaqillikning 30 yilligi hamda Xalqlar doʻstligi kuni mavzulariga bagʻishlangan esdalik tangalari va suvenir toʻplamlari dizaynlariga tanlov eʼlon qiladi.

    Takliflar joriy yilning 1-apreligacha qabul qilinadi. Tanlov quyidagi shartlar va baholash asosida oʻtkaziladi:

    - dizayn “Mustaqillikning 30 yilligi” (erishilgan yutuqlar va boshqalar ifodalangan boʻlishi) yoki “Xalqlar doʻstligi” mavzularidan birini qamrab olgan boʻlishi;

    - dizayn muallif tomonidan chizilgan boʻlishi va boshqa ijodkorlarning avvalgi ishlarini qaytarmasligi;

    - dizayn tanga yoki suvenir toʻplamlarning avers (old tomoni) va revers (orqa tomoni) koʻrinishlaridan iborat boʻlishi;

    - dizayn doira ichiga qalamda chizib (A4 formatda) yoki kompyuter grafikasidan (CorelDraw, PhotoShop va Illustrator dasturlari) foydalanib tayyorlanishi va tasvirlangan har bir element aniq koʻrinishi lozim.

    Ishlab chiqilgan dizaynlar muallifning aniq ismi, familiyasi, adresi, telefon raqami va elektron pochta manzilini koʻrsatgan holda b.rakhmatkhujaev@cbu.uz elektron pochta manziliga yuborilishi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga (100001, Toshkent sh., Islom Karimov koʻchasi, 6) taqdim etilishi soʻraladi.

    Taqdim etilgan dizaynlar Markaziy bankning ishchi guruhi (rassom, dizayner va boshqalar) tomonidan koʻrib chiqiladi va tanlov yakuni boʻyicha qaror qabul qilinadi.

    Tanlov gʻoliblari joriy yil 15-aprelda maʼlum qilinadi hamda ularga noutbuk (Apple Macbook Pro), planshet (Apple iPad Pro), smartfon (Apple iPhone 12 Pro) va boshqa qimmatbaho sovrinlar ajratiladi. Gʻoliblarga sovrinlarni topshirish individual tarzda amalga oshiriladi.

    Tanlov haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun (71) 232-12-59
    va (71) 236-76-45 raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.