Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank tomonidan o'tkazilgan o'rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanktsiyasi qo'llanildi.
SHuningdek, 2 ta to'lov tashkiloti va 2 ta to'lov tizimi operatori tomonidan to'lov tizimi operatorlari hamda to'lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo'yilgan talablar bajarilmagani hamda 4 ta tijorat bankida xavfsizlikni ta'minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo'l qo'yilgani sababli ularga nisbatan chora va sanktsiyalar qo'llanilishi to'g'risida ogohlantirildi.
Bundan tashqari, ro'yxatga olish va ruxsat berish yo'nalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o'zgartirishlarni ro'yxatdan o'tkazish, mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro'yxatiga olish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a'zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko'rib chiqishga doir masalalar ko'rildi.
SHu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala – Markaziy bankning ko'rsatmalari va prudentsial me'yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o'tkazilgan o'rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.