Markaziy bank uchta tijorat bankini jarimaga tortdi

    Yana oltita bank chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

    Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2024-yilning fevral oyidagi yigʻilishlarda (8-marta) 31 ta masala koʻrildi va ularda tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 18 ta masala, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (3 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (1 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish va hisob roʻyxatidan oʻtkazish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (9 ta) kabi masalalar koʻrib chiqildi.

    Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati boʻyicha (13 ta masala) banklar va toʻlov tashkilotlari tomonidan Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi.

    Oʻrganish natijalari boʻyicha amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi taʼminlanmaganligi sababli 3 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi, 6 ta bank va 1 ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

    Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.