“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi sifatida pul belgilari faqat Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladi.
Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014-yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan.
(Maʼlumot uchun: dunyodagi barcha banknot chop etuvchi kompaniyalar tomonidan yangi himoya elementlari joriy etilganligi yoki boshqa ishlab chiqarish yangiliklari bilan tanishtirish maqsadida, biror yubiley sana yoki kompaniya faoliyatiga aloqador voqeaga bagʻishlab faqat raqam qoʻyilgan, valyuta nomi qayd etilmagan banknotlar chop etib boriladi va ular korxona faoliyatini reklamasi uchun moʻljallangan boʻladi).
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan banknot hech qanday qiymat oʻlchoviga ega emas (unda soʻm yozuvi qayd etilmagan), muomala va toʻlov vositasi sifatida foydalanishga moʻljallanmagan.
Shu sababli, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan aholi orasida har xil savollar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik maqsadida asossiz axborotlarni tarqatmaslik soʻraladi.