Markaziy bankka “Huawei Tech Investment Tashkent” vakillari tashrif buyurdi

    Moliya 15 Mart 2024 1039

    Markaziy bankda “Huawei Tech Investment Tashkent” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini oshirish va rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Unda hozirgi kunda raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, zamonaviy texnologik yechimlar dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi, bu esa oʻz navbatida, raqamli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirishi qayd etildi.

    Muloqot chogʻida kompaniyaning raqamli infratuzilma va AKTni rivojlantirish yoʻlidagi tajribasi hamda bu borada erishilgan natijalar xususida maʼlumot berildi.

    Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari mamlakat bank tizimi xodimlari salohiyatini oshirishda oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: 1987-yilda tashkil etilgan Huawei kompaniyasi axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi va aqlli qurilmalar yetkazib berish boʻyicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. 170 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda faoliyat yurituvchi kompaniya 195 mingga yaqin xodimlariga ega boʻlib, dunyoning uch milliarddan ziyod aholisiga xizmat koʻrsatadi.