Yirik iqtisodiyotga ega davlatlar oʻrtasida boshlangan savdo urushlari oʻzaro nizolashuv va qurolli toʻqnashuvlar tufayli oʻzi shundoq ham qaltis boʻlib turgan vaziyatni battar murakkablashtirmoqda. Bu nafaqat rivojlangan, balki barqaror taraqqiyot yoʻliga oʻtayotgan mamlakatlar uchun ham gʻoyat xatarli.
Dunyoning hozirgi umumiy iqtisodiy holati uzun qorongʻi yoʻlakka oʻxshaydi. Nari borsa, 2-3 qadamlik masofani koʻrish mumkin, undan nariyogʻida nima bor-yoʻqligi, nima kutayotgani mavhum. Bu shunday holatki, yoʻlning yorugʻ boʻlishini, mavhumlik tarqalishini kutadigan payt emas. Dunyo muvozanati qayta qurilayotgan hozirgi sharoitda yangi va istiqbolli yoʻllarni, bu yoʻlda ishonchli hamkor va hamrohlarni izlab topadigan, barqaror taraqqiyot uchun zamin yaratadigan fursat.
Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida boshlangan shiddatli va ortga qaytmas islohotlar, faol tashqi siyosat ayni qorongʻi yoʻlni yorituvchi mayoq boʻlayotgani bilan ahamiyatli.
Masalan, joriy yil 3-4-aprel kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar, ahdnomalar, bitimlar hanuzgacha ekspert va mutaxassislar orasida qizgʻin muhokama qilinmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki mazkur sammit Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston uchun xalqaro siyosiy maydonda muhim burilish nuqtasi oʻlaroq, koʻp tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi.
Zero, global iqtisodiy-siyosiy murakkab vaziyatda Markaziy Osiyoga qiziqish ortib boryapti. Mana shunday sharoitda Yevropa Ittifoqi barqaror rivojlanish, manfaatdorlik, oʻzaro bogʻliqlik va sarmoyaviy jozibadorlik tamoyillari asosida mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirishga intilishini namoyish etdi. Oʻzbekiston uchun mazkur mashvarat Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, sarmoya va texnologiyalarni jalb qilish, jahon miqyosida oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun noyob imkoniyat boʻldi, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyoning asosiy uchta tashqi savdo hamkoridan biri. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlariga yoʻnaltirilgan barcha sarmoyaning 40 foizdan ortigʻi Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Endi Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi savdo-sotiq tezlashadigan boʻldi. Avvalgidek mahsulotlarni tashish uchun bir necha oy sarflashning zarurati yoʻq. Boz ustiga, Yevropa Ittifoqi mintaqamizga sarmoyasini kamaytirmaydi, aksincha, koʻpaytirish niyatida.
Samarqandda boʻlib oʻtgan muhokamalarda kommunikatsiyalar, muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik, atrof-muhit muammolari, suv resurslari, iqlim oʻzgarishi va albatta, yaqin atrofimizdagi xavfsizlik boʻyicha hamkorlik haqida soʻz bordi. Ayni mavzular bugun har ikki tomonni oʻylantirayotgan, hamkorlikka chorlayotgan dolzarb masalalardir.
Bu qiziqishning asosiy sabablaridan yana biri dunyoda davom etayotgan geosiyosiy beqarorlikdir. Xalqaro maydondagi qarama-qarshilik Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziqishni oshirmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun oʻz milliy manfaatlarini himoya qilishda koʻp qirrali tashqi siyosat yuritish maqsadga muvofiq. Mintaqamiz tobora integratsiyalashayotgan ekan, “Markaziy Osiyo+” formatidagi muloqotlarning oʻrni katta deb oʻylayman.
Bu muloqot formati davlatimiz rahbarining tashabbusi va mintaqa yetakchilarining siyosiy irodasi bilan faol ishga tushdi. Keyingi yillarda u chinakam integratsion platformaga ega boʻla boshladi. Bugun esa har yili xalqaro maydonning yetakchi tomonlari bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Bu barcha geosiyosiy kelishmovchiliklarga nisbatan Markaziy Osiyo davlatlarining pozitsiyasi oʻxshashligi bilan bogʻliq: mintaqadagi barcha davlat keskinlikni kamaytirish va mamlakatlar oʻrtasidagi nizolarni diplomatik tarzda hal etish tarafdori. Buning asosli sababi bor: qitʼaning ichida joylashgan, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq, lekin ayni paytda ikki geosiyosiy gigant bilan chegaradosh, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan juda yaqin savdo-iqtisodiy va siyosiy aloqalarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo qarama-qarshilik maydoniga aylanishdan, shubhasiz, manfaatdor emas.
Shu bois, koʻp vektorli nafaqat davlat, balki mintaqaviy siyosatning ushbu nozik muvozanatini saqlab qolish uchun barcha saʼy-harakatlarimizni amalga oshirish umumiy manfaatlarga toʻgʻri keladi. Bunday muntazam tadbirlar, “kuch markazlari” bilan uchrashuvlar, yuqori darajadagi muloqotlar mutlaqo tabiiy zarurat. Biz uchun doimo barcha tarafni Markaziy Osiyo mintaqasining saʼy-harakatlari, manfaatlari haqida xabardor qilish, tomonlarni tinchlikka chaqirish, umumiy pozitsiyamizni bildirish nihoyatda muhim, chunki jamoaviy ovoz kuchliroq yangraydi.
Agar Markaziy Osiyo davlatlarining har biri bir xil soʻrovlar bilan alohida ikki tomonlama formatda uchrashuv oʻtkazsa, jamoaviy tadbirdan koʻra kamroq samaraga ega boʻlardi. Bizning bu boradagi intilishlarimizni YEI qoʻllab-quvvatlayapti. Jahondagi qarama-qarshiliklar sharoitida YEI yangi bozorlar qidirmoqda. Bu bozor, shubhasiz, katta xomashyo resurslari, nodir metallarga boy, salohiyatli ishchi kuchiga ega Markaziy Osiyodir.
Shu maʼnoda, iqtisodiy hamkorlikning ikkita asosiy yoʻnalishini ajratib koʻrsatish oʻrinli. Bular: energetika va qayta tiklanadigan energiya manbalari. Chunki Markaziy Osiyo shamol va quyosh energetikasini rivojlantirishga xizmat qiladigan keng maydonlar tufayli qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha katta imkoniyatga ega. Hududdagi muhim xomashyo, uning oʻzlashtirilishi alohida qiziqish uygʻotmoqda. Nodir yer materiallariga kelganda, hozir YEI mamlakatlari Xitoyga birmuncha qaram. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik xomashyo yetkazib berishni diversifikatsiya qilishga yordam berishi mumkin. Shu jihatdan ham Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanishiga umid qilinyapti.
“Buyuk davlatlar” oʻrtasidagi raqobat kuchayib borayotgan, global taʼminot zanjirlari qayta tuzilayotgan va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy barqarorlikni strategik maqsad qilib qoʻygan bir paytda Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi muhim xomashyo boʻyicha sheriklik Yevroosiyodagi geosiyosiy iqtisodiy siyosatning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, YEI ulkan global ekologik ofat — Orol dengizi inqirozini yengillashtirishda Oʻzbekiston va mintaqamizga xolis, begʻaraz yordam koʻrsatayotgani eʼtiborga molik. YEI zarar koʻrgan hududlardagi yerni tiklash, choʻllanishga qarshi kurashish va iqlim oʻzgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha qator loyihalarni birgalikda amalga oshirib kelmoqda. Samarqand xalqaro iqlim forumida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim oʻzgarishi sohasida yagona mintaqaviy yondashuvini shakllantirish uchun asos boʻlib xizmat qildi. Unda yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilish borasidagi yondashuvlari taqdim etildi.
Suv resurslarini tejash sohasida Yevropa Ittifoqi katta tajribaga ega. Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishdan tortib, muzliklarni birgalikda kuzatish va ilgʻor suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishgacha boʻlgan yoʻnalishlarda hamkorlik uchun katta imkoniyat mavjud.
Ustuvor yoʻnalishlardan yana biri ekotizimlar va bioxilma-xillikni tiklashdir. Tanazzulga uchragan yerlar, jumladan, Orolboʻyi hududini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha keng koʻlamli dastur — “Markaziy Osiyoning yashil belbogʻi” loyihasini amalga oshirishda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qoʻl keladi.
Umuman olganda, Samarqandda oʻtgan tarixiy tadbirlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi jadal hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlaydi. Mintaqamiz jahon siyosatining muhim geosiyosiy subyektiga aylanayotgani tufayli Yevropa dunyoning bu qismida oʻz ishtirokini kuchaytirishi kerak qabilidagi chaqiriqlar koʻhna qitʼada tobora baland yangramoqda. Qolaversa, 27 aʼzoni oʻzida birlashtirgan, 450 milliondan ziyod fuqaroga ega Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro siyosiy va iqtisodiy kuchlar bilan muloqotda teng huquqli sherik sifatida ishtirok etish Oʻzbekistonning diplomatik salohiyatini mustahkamlaydi. Shu sababli “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro munosabatlar tizimida muhim voqea sifatida baholandi. U nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish va siyosiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
YEI mintaqaga iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridagi xususiy investorlar hamda iqtisodiy rivojlanish va hududlarimiz oʻrtasidagi transport aloqalarini yaxshilashga hissa qoʻshadigan tashabbuslar orqali kirib kelmoqda. Chunki ochigʻini aytganda, shunchaki mahsulot ishlab chiqarishning oʻzi yetarli emas, mahsulotni tashqi bozorlarga yetkazib berish muhim. Shu bois, oʻzaro tovar ayirboshlashni rivojlantirish uchun hududlarimiz oʻrtasida tovar ayirboshlash uzluksizligini taʼminlaydigan savdo yoʻllari ochiq boʻlishi, faoliyat yuritishi va takomillashtirilishi juda muhim.
Bugun YEI yuksak texnologiyalar, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt sohasida jadal rivojlangan davlatlar hamjamiyatidir. Bu borada koʻhna qitʼaning tajribasidan foydalanish, mintaqamizda tatbiq etish foydadan xoli emas. YEI doirasidagi raqamli xizmatlar (DSA) va sunʼiy intellekt toʻgʻrisidagi qonunlarni (AI Act) katta muvaffaqiyat sifatida taʼkidlash mumkin. Chunki bular orqali Yevropa Ittifoqi onlayn xavfsizlik uchun zamonaviy huquqiy asos va sunʼiy intellektni boshqarishning global standartlarini taqdim etdi.
YEI mintaqamizga bu borada koʻmak beryapti. Olaylik, Markaziy Osiyoning raqamli transformatsiyasi uchun 55 million yevro ajratilgan. Moliyalashtirish telekommunikatsiya sohasidagi islohotlar, kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishga yoʻnaltiriladi. Sunʼiy yoʻldosh aloqasi sohasida ham Yevropa xususiy sektori bilan hamkorlik davom etmoqda.
Suv resurslari va energiyani barqaror boshqarish uchun YEI 200 million yevro sarmoya kiritdi. Muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik uchun 16 million yevro, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya loyihalari uchun 30 million yevro sarmoya kafolati ajratildi. 2021-2027-yillarda talabalarning harakatchanligi va akademik almashinuvini qoʻllab-quvvatlash uchun 73 million yevro yoʻnaltirilmoqda.
Eʼtiborli tomoni, Markaziy Osiyo toza texnologiyalar uchun eng zarur xomashyo resurslariga, ulkan salohiyatga ega. Biroq Yevropa Ittifoqi faqat xomashyoni olib ketish emas, balki toʻliq qiymat zanjiri yaratish, yaʼni qazib olishdan qayta ishlash va qayta tiklashgacha boʻlgan jarayonni shakllantirishni maqsad qilmoqda. Bu esa yangi ish oʻrinlari ochish, yuqori ekologik va ijtimoiy standartni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, Yevropa bilan koʻp asrlik tarixiy aloqalarimiz bor. Buyuk ipak yoʻli asrlar davomida Yevropani Markaziy Osiyo bilan bogʻlagan. Nafaqat savdo, balki gʻoya, madaniyat va innovatsiya almashinuvi ham boʻlgan. Endi ushbu boy merosga tayangan holda qadimiy anʼanalarni zamonaviy va uzoq muddatli hamkorlikka aylantirish davri keldi. Zero, bugungi beqaror dunyoda Yevropa har doimgidek ochiqlik va hamkorlik tarafdori boʻlib qolyapti.
Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo muhim hamkor. Shu oʻrinda tarixga murojaat qilsak: oliy darajadagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi 2022-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning Ostonadagi uchrashuvi chogʻida ilgari surilgan. Bu tashabbus Oʻzbekistonning tashqi siyosiy doktrinasiga mos. Unda Markaziy Osiyoni birlashtirish, shuningdek, samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali mintaqani barqaror taraqqiy ettirishga qaratilgan saʼy-harakatlar ustuvor.
Samarqand sammitida umumiy yoʻnalish va ustuvorliklar belgilandi. Bu savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, toza energiya, oʻta muhim xomashyo resurslari, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va boshqa sohalarni qamrab oladi. Yevropa Ittifoqining investitsiya strategiyasi — “Global Gateway” muhokama markazida boʻldi. Chunki hamkorlikdan ikkala mintaqa ham manfaatdor. U 2027-yilgacha butun dunyo boʻylab 300 milliard yevrolik davlat va xususiy investitsiyalarni jalb etish, barqaror oʻsishni qoʻllab-quvvatlash, raqamli texnologiyalar, energetika, transport, oʻzaro aloqadorlikni mustahkamlash, shuningdek, ilmiy tadqiqot tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan.
“Global Gateway”da Yevropa Ittifoqi bilan ishtirok etish nafaqat investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati, balki Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi kabi loyihalar doirasida tranzit salohiyatini mustahkamlash vositasi hamdir. Yevropaliklar nazarida mintaqamizda yuqori malakali va bilimli ishchi kuchi, yerdan qazib olinadigan va yetishtiriladigan xomashyo bor. Sanoat tovarlari va toʻqimachilik, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ham shular jumlasidan. Yevropa bozorlariga chiqishi mumkin va kerak boʻlgan mahsulotlar mavjud.
Shu bois, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligining kelajagi juda porloq. Markaziy Osiyo oʻzini yaxlit mintaqa sifatida namoyon etsa, bu yanada samarali boʻladi. Yaʼni Markaziy Osiyoning ichki integratsiyalashuvi ulkan imkoniyatlarni namoyon etadi. Yevropa Ittifoqi 70 yildan koʻproq vaqt oldin koʻmir va poʻlat ittifoqi sifatida boshlangan holda hozir dunyodagi eng qudratli iqtisodiy va siyosiy bloklardan biriga aylanmoqda. Markaziy Osiyo ham kelajakda shunday kuchga aylanishi mumkin.
Taʼlim sohasida ham hamkorlik istiqbolli. Oxirgi 10 yilda “Erasmus+” dasturi doirasida 10 ming talaba va mutaxassis Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi almashinuvda qatnashdi. Bugun Oʻzbekiston taʼlim va kadrlar almashinuvi sohasida Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Hozir Toshkent shahrida Italiyaning Turin politexnika universiteti, Germaniyaning Gyote instituti filiallari faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, Prezidentimizning shu yil martda Fransiyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston — Fransiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim hamda fransuz tilini oʻqitishni kengaytirish toʻgʻrisida bayonnoma imzolangan edi. Shu bois, taʼlim, fan va yoshlar siyosatini rivojlantirishda ham sammit doirasida samarali platformalar yaratish koʻzda tutildi.
Misol uchun, “Erasmus+”, “Horizon Europe” kabi dasturlarda Oʻzbekiston ishtirokini kengaytirish, taʼlim va kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar, til oʻrganish va innovatsion tadqiqotlar sohalarida Yevropa Ittifoqi tajribasi shular jumlasidan. Prezidentimizning bu kabi dasturlarda Oʻzbekiston ishtirokini kengaytirish, taʼlim va kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar, til oʻrganish va innovatsion tadqiqotlar sohalarida Yevropa Ittifoqi tajribasini oʻrganishga qaratilgan navbatdagi tashabbuslari maʼrifatli, innovatsion bilimga ega yoshlar safini kengaytirishiga shubha yoʻq.
Yangi Oʻzbekistonda Uygʻonish maʼrifati, mashʼali koʻtarilgan. Prezidentimizning Uchinchi Renessans poydevorini quryapmiz, degan soʻzlari bugungi xorijiy davlatlar rahbarlari bilan muloqotlarda, yurtimizdagi yangilanishlar, oʻzgarishlarda oʻz nishonalarini koʻrsatmoqda. Renessans — uygʻonish maʼrifati, yangi taraqqiyotning umummilliy harakati. U millat tafakkuridagi tarqoqlikni bartaraf etib, xalqni hamjihat, kuchli iqtidor, qudratli toʻlqinga aylantiradi.
Qaysi davlat yuksak taraqqiyotga erishgan boʻlsa, bu faqat taʼlimga eʼtibor, ilm-fanni rivojlantirish tufayli sodir boʻlganiga tarixda misollar koʻp. Demokratik jamiyat asosi boʻlgan taʼlim islohotlar, taraqqiyotni targʻib qiladi va innovatsiyalarga yoʻl ochadi. Aksincha, ilmsizlik oqibatida yuzaga kelgan barcha munosabat nizoga aylanib, jamiyat taraqqiyotiga raxna soladi.
Xavfsizlik ham ustuvor masalalardan biri. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtiradi, xavfsizlik boʻyicha maxsus muloqotni yoʻlga qoʻyadi. Hududiy xavfsizlikni taʼminlash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun har doim ustuvor yoʻnalish boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda.
Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli barqaror oʻsib bormoqda. 2024-yilda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 6,4 milliard dollarga yetib, 2023-yilga nisbatan 5,2 foiz koʻpaygani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
2021-yildan Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirishi savdo aylanmasining ijobiy dinamikasiga koʻmaklashdi. Ushbu tizimning benefitsiar aʼzosi sifatida Oʻzbekistonning matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi eksportimizning oʻsishi va mamlakatimizga qoʻshimcha sarmoya jalb qilinishiga imkon beradi.
Barqaror taraqqiyot sohasida “GSP+” oldidagi majburiyat Oʻzbekistonning ishonchli va uzoqni koʻra oladigan iqtisodiy sherik sifatidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi. Imtiyozdan eng koʻp qoʻllanayotgan mahsulotlar tarkibidan toʻqimachilik, kiyim-kechak, plastik mahsulotlar, shuningdek, meva-sabzavot va yongʻoq oʻrin olgan. Bu esa Oʻzbekiston eksporti tuzilmalari rang-barangligini koʻrsatadi. Ushbu imtiyoz tufayli savdo hajmi yildan yilga oʻsib boryapti. Qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi esa Yevroosiyo qitʼasining industrial xaritasini tubdan oʻzgartirib yuborishga imkon beradi. Chunki bunday hamkorlikdan har ikki tomon ham katta foyda koʻradi. Buning uchun imkoniyatlar yetarli.
Masalan, murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror oʻsish koʻrsatkichini namoyon etmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining soʻnggi oʻrganishlariga koʻra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy oʻsish joriy yilda 5,3-5,5 foizni tashkil qiladi. Yevropalik ekspertlar esa Oʻzbekistonda yillik oʻrtacha 6,5 foizlik oʻsishni prognoz qilmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz oʻz oldiga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga asosan yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadini ikki barobar oshirib, daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtirgan. Jadal sanoatlashtirish siyosati, jumladan, qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy sarmoya, xususan, YEI davlatlari investitsiyalarini keng jalb etish ushbu maqsadga erishishning asosiy omili boʻladi.
Shu maʼnoda, barqaror iqtisodiy oʻsishning muhim omili sifatida oʻzaro bogʻlangan transport yoʻlaklarini shakllantirish ustuvor masala. Ayniqsa, Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqligini, eng avvalo, Transkaspiy tranzit yoʻlagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning saʼy-harakatini birlashtirish muhim. Bu yoʻl mintaqaning qiyofasini oʻzgartirish, Xitoydan tortib Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa kabi boshqa mintaqalar chegaralariga ulanish, tovar yetkazish imkonini beradi. Mazkur yoʻlak Yevropaga ham, Markaziy Osiyoga ham barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun yechimdir.
Davlatimiz rahbari mazkur sammit oldidan “Euronews”ga bergan intervyusida alohida qayd etib oʻtganidek, “Markaziy Osiyo global transport zanjirlarining muhim boʻgʻiniga aylanmoqda. Biz Transkaspiy va Transafgʻon transport yoʻlaklarini faol rivojlantiryapmiz — bu mamlakatlarimizning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu tarzda Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki oʻz strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi oʻzaro ishonch va qoʻshma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi”.
Xullas, imzolangan kelishuvlar, YEI manfaatli loyihalar uchun ajratgan 12 milliard yevro mablagʻ, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar orqali tarixiy aloqalar qayta mustahkamlandi. Prezidentimiz bu bilan dunyoning Oʻzbekiston va mintaqamizga ishonchini tikladi. Buni hech istisnosiz Shavkat Mirziyoyev fenomeni va yangi Oʻzbekistonga ishonchning amaliy ifodasi deyishimiz mumkin.
Yurtimizda oʻtkazilayotgan har bir tadbir, har bir uchrashuv Prezidentimizning “biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi boʻlishimiz kerak”, degan gʻoyalariga mos kelishi bilan qalbimizda iftixor uygʻotadi. Samarqand deklaratsiyasi sammitning asosiy natijalaridan biri boʻldi. Bu hujjat tomonlarning strategik sheriklik oʻrnatishga boʻlgan umumiy intilishini aks ettirdi. Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi.
Ismoil SAIFNAZAROV,
falsafa fanlari doktori, professor