Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Oktabr 2020 1035

    2020-yil 15-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining videokonferensiya shaklidagi uchinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

    Tadbirda, shuningdek, Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev, Qozogʻiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.

    Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, migratsiya, madaniy-gumanitar, xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik farovonlikni taʼminlash sohalarida oʻzaro aloqalarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston TIV rahbari uchrashuv ishtirokchilariga mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, pandemiyaning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi salbiy oqibatlarini yumshatish, hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash, korxonalar va milliy eksportyorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi, bunda Afgʻonistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka yana-da jalb qilish muhim omil hisoblanishi qayd etildi.

    Tadbir yakunida «Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirlarining hamkorlikning strategik yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bayonoti» qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.