Transport vazirligi tomonidan ushbu tashabbusni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi konsepsiyasiga takliflar ishlab chiqish, markazni ishga tushirish bosqichida manfaatdor tomonlarni jalb etish va kommunikatsiyalar boʻyicha tavsiyalarni tayyorlash uchun mamlakatlararo ekspert ishchi guruhining faoliyati taʼminlanib, unga Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston transport masalalari boʻyicha mustaqil tadqiqot markazlari va vakolatli davlat organlari vakillari kiritilgan edi.

Xoʻsh, oʻtgan muddat davomida qanday ishlar amalga oshirildi? Kelgusidagi rejalar qanday? Mintaqaviy markaz iqtisodiyot rivojiga qanday hissa qoʻshadi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida ishchi guruhi mutaxassislariga murojaat qildik.

Sherzod Ata-MIRZAYEV,

Transport vazirligi Transport koridorlari, logistika va tranzitni rivojlantirish boshqarma boshligʻi oʻrinbosari:

— Markaziy Osiyoning davlatlari dunyo okeaniga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas, shuning uchun ularda yuk tashish boʻyicha transport xarajatlari oshib ketayapti. Shu nuqtayi nazardan, yuqori sifat standartlariga ega boʻlgan yagona transport tarmogʻini yaratish mintaqaning barqaror rivojlanishi boʻyicha harakatlarni uygʻunlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro dengiz portlariga erkin chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan mintaqa davlatlari — Oʻzbekiston Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻonistonning barqaror rivojlanishi aynan transport va logistika xizmatlarining sifati hamda samaradorligiga bevosita bogʻliq. Qolaversa, global pandemiya mintaqaning transport va kommunikatsiya tizimi bilan bogʻliq mavjud holat bugungi kun talablariga mutanosib emasligini yaqqol namoyon etdi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, ishchi guruh aʼzolari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiy, transport va tranzit “yoʻlak”lariga chuqur integratsiyalashuvi maqsadida BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish fikri maʼqullandi.

Shu maqsadda milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, uni xalqaro transport tizimiga qoʻshish boʻyicha ishlar izchil olib borilmoqda.

Loyiha doirasida toʻrt oy davomida 3 ta hujjat tayyorlanib, uni amalga oshirish konsepsiyasi, Markaziy Osiyo davlatlaridagi milliy transport siyosatining oxirgi yigirma yillik tahlili hamda kommunikatsiya strategiyasi ishlab chiqildi. Ushbu tayyorlangan xujjatlar Tashqi ishlar vazirligi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, “Yuksalish” umummilliy markazi, Rivojlanish strategiyasi markazi hamda boshqa masʼul idoralar mutaxassislari koʻmagida tahlil qilindi.

Loyihaning birinchi bosqichida yuqorida aytib oʻtilgan 3 ta hujjat tayyorlangan boʻlsa, keyingi bosqichda iqtisodiy hisob-kitoblarni amalga oshirishimiz kerak. Yagona mintaqaviy transport siyosati tovar va yuk aylanmasi necha foizga oshishi va qanday yutuqlarga erishilishi aniq raqamlar bilan koʻrsatilishi zarur.

Bugun davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Transport sohasida taraqqiyot boʻlsa, suv, energetika, turizm, taʼlim kabi boshqa sohalar rivoji uchun ham yoʻl ochiladi, Markaziy Osiyoda integratsiyasi tezlashadi.

Shuni aytib oʻtish kerakki, markaz konsepsiyasi va yoʻnalishlarini ishlab chiqishda har bir boʻlim, har bir jumla hamkor davlatlar vakillari roziligi bilan yuzaga keldi.

Quvvatbek JUMABEKOV,

Qirgʻiziston Transport va kommunikatsiya vazirligi xodimi:

— Qirgʻiziston Respublikasi Transport vazirligi mamlakatning turli yoʻnalishlarda transport siyosatini yurituvchi yagona tashkilot hisoblanadi. Unga havo yoʻllari, daryo va dengiz transporti, temir yoʻl hamda avto transport sohalari kiradi. Ushbu mintaqaviy markazning yoʻlga qoʻyilishi barcha yoʻnalishlar rivojiga hissa qoʻshadi, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi, mamlakatlar tadbirkorlari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ishchi guruhning ikki uchrashuvida markaz prinsiplari, iqtisodiy masalalari hamda kelgusida qilinadigan ishlarni muhokama qildik. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari mutasaddilari hamda nodavlat tashkilotlar vakillari tomonidan markaz faoliyatining yoʻnalishlari tasdiqlandi.

Jaynar ASILBEKOVA,

Qozogʻiston industriya va infrastrukturaviy rivojlanish vazirligi xodimi:

— Markaziy Osiyo davlatlarining transport salohiyati va imkoniyatlari yuqori. Mamlakatlarimiz barcha sohalarda hamkorlikni kuchaytirsa, bu potensial yanada oshadi. Keyingi 30 yil davomida Qozogʻiston transport infrastrukturasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi bilan Markaziy Osiyo, Xitoy bilan Yevropa davlatlari oʻrtasida “yoʻlak” boʻlishga erishildi. Bundan tashqari, Kasbiy dengizi orqali Forz koʻrfaziga hamda Kavkaz hududiga chiqish yoʻllari ham ochilgan.

Albatta, mamlakatimizda vujudga kelgan imkoniyatlardan barcha qoʻshni davlatlar ham foydalanishidan manfaatdormiz. Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazi bizga oʻz tajribalarimizni ulashishga, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga katta zamin yaratadi. Mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlaydi.

Komron HIDOYATZODA, tojikistonlik ekspert:

— Mintaqaning besh davlati tovar va yuklarning erkin hamda toʻsiqlarsiz tranziti uchun transport-tranzit sohasida hamkorlik, jumladan, aviatsiya, avtomobil, temir yoʻl, daryo va dengiz transporti uchun xalqaro yoʻnalishlarni, multimodal transport yoʻlaklari, xalqaro koʻp funksiyali logistika, savdo va turizm markazlarini modernizatsiya qilish, innovatsion, energiyatejamkor va elektron texnologiyalarni joriy etish hamda transchegaraviy jarayonlarni soddalashtirish bugungi kunning dolzarb masalalariga aylandi.

Soʻnggi yillarda “Shimol–Janub” va “Sharq–Gʻarb” xalqaro yoʻlaklarini birgalikda rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni maksimal kuchaytirish zarurati paydo boʻldi. Bilamizki, oxirgi besh yilda Markaziy Osiyo siyosiy manzarasi sezilarli darajada oʻzgardi. Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazi esa Gʻarb va Sharq aloqalarini mustahkamlashda mustahkam koʻprik yaratilishiga koʻmak beradi. Bundan tashqari, ushbu markaz davlatlar tadbirkorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni ham nazarda tutadi.

Tojikiston Respublikasida ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshmoqda. Bu esa yangi bozor va eksport hududlariga ehtiyoj borligini koʻrsatadi. Eksport salohiyatini oshirish hamda yangi bozorlarga kirib borish transport va tranzit yoʻlaklarini ochishdan boshlanadi. Bu yoʻlaklarda tadbirkorlar va ular mahsulotlarining erkin harakatlanishida markaz taqdim etayotgan har tomonlama qoʻllab-quvvatlovchi hujjatlar juda muhim hisoblanadi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Sohiba MULLAYEVA yozib oldi.