Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga boʻlinmoqda. Bunda partiya roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Yaʼni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya roʻyxat boʻyicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Eʼtiborli jihati, partiya roʻyxatiga ham gender tengligini taʼminlash maqsadida xuddi majoritar tizim boʻyicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar boʻlishi nazarda tutilmoqda. Taʼkidlanganidek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi belgilanmoqda.

Yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik oʻrinlarini taqsimlash tartibi, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari sonini kamida oʻn besh nafardan toʻqqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston vakili boʻlishi koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qonun loyihasida aks etmoqda.

Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Yaʼni, mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.