Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shu yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻta dolzarb mavzuda, oʻz vaqtida va yuqori saviyada tashkil etilib, butun dunyo siyosatchilari, ekspertlari va ommaviy axborot vositalari xodimlarining diqqat markazida boʻldi.

Tashqi siyosatdagi iqtisodiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish tendensiyasi

Toshkent shahri oʻsha kunlari dunyoning eng muhim siyosiy maydonlaridan biriga aylandi. Buning yorqin isboti sifatida konferensiyada Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlarining tashrifi, umumiy hisobda 600 dan ortiq ishtirokchining qatnashishi va 80 dan ziyod nufuzli xorijiy OAV vakillari bevosita Toshkentda turib jarayonlarni yoritganini keltirish mumkin.

Bugun Oʻzbekistonning oʻzaro hurmat va teng huquqlilik, ishonch va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida olib borayotgan ochiq tashqi siyosatida nafaqat qoʻshni mamlakatlar, balki qoʻshni mintaqalar bilan yaqinlashish va iqtisodiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish tendensiyasi yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Bu jihatdan Janubiy Osiyo yoʻnalishi alohida ahamiyatga ega. Chunki bu mintaqa oʻziga xos boy ichki salohiyati, xalqaro siyosiy maydondagi oʻrni hamda jahon bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Tabiiyki, bunday imkoniyatdan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekiston oʻz manfaatlari yoʻlida samarali foydalanishi mumkin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jahon siyosiy maydonidagi saʼy-harakatlari aynan shunday ezgu maqsadlarga qaratilgan.

Xalqaro konferensiyaning Toshkentda oʻtkazilishi bir tomondan, ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlarini mustahkamlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, Oʻzbekistonning ushbu mintaqalarni bogʻlashda geoiqtisodiy va geostrategik imkoniyati yuqoriligini koʻrsatdi.

Mintaqalarimiz oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik tarhining asosiy boʻgʻini

Tarixga teran nazar tashlansa, yaqin-yaqingacha Afgʻoniston va Pokistonga faqat turli tahdidlar oʻchogʻi sifatida qaralganiga guvoh boʻlish mumkin. Ulardan imkon qadar uzoqlashish, barcha darajadagi aloqalarni rasmiy tusda olib borish anʼanaga aylangan edi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, keyingi siyosiy munosabatlar tarixi tahlil qilinganda Oʻzbekiston bu masalaga yondashuvini keskin oʻzgartirgani yaqqol namoyon boʻladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tarixda birinchi marotaba qoʻshni Afgʻoniston ulkan imkoniyatlar mamlakati, deb eʼtirof etildi.

Oʻzbekistonning saʼy-harakati bilan soʻnggi toʻrt yilda Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti shakllandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib, yurtimiz mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon — Puli Xumri” elektr uzatish tarmogʻi, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga olib chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Bu loyihalar roʻyobga chiqsa, mamlakatimizning, ayniqsa, Surxondaryo viloyati aholisining daromadi koʻpayadi. Tayyorlanayotgan mahsulot sifati oshadi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, tannarx pasayadi, zamonaviy texnologiyalar olib kelinadi. Bozor islohotlarini jadal rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun yangidan-yangi bozorlarga kirib boramiz. Eng muhimi, xalqimizning farovonligi oshadi, mamlakatimizning innovatsion-iqtisodiy rivojlanishi muhim bosqichga chiqadi.

Davlatimiz rahbari “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻl tarmogʻi mintaqalarimiz oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik arxitekturasining asosiy boʻgʻiniga aylanishi kerak”ligini alohida taʼkidladi. Darhaqiqat, mazkur loyiha toʻliq roʻyobga chiqsa, bu yoʻl Markaziy va Janubiy Osiyoni oʻzaro bogʻlovchi “yangi savdo yoʻli”, “madaniy-gumanitar aloqalar yoʻlagi”ga aylanadi. Yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan bu loyiha har ikki mintaqaning tranzit salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish, Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hududi orqali oʻtadigan eng qisqa yoʻlni ochish, shu bilan birga, yuklarning turib qolishi va tashish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qilishi eʼtirof etilmoqda.

Xalqaro ekspertlar ushbu temir yoʻlning qurilishi Afgʻoniston tashqi savdosining 50 foiz oʻsishini, tranzitning oʻzidan qariyb 0,5 milliard dollar miqdorida daromad kelishi mumkinligini qayd etmoqda. Oʻz navbatida, Janubiy Osiyo mamlakatlari nuqtayi nazaridan ushbu temir yoʻl tarmogʻining ishga tushirilishi Markaziy Osiyo, MDH va Yevropaga tovarlar yetkazib berish jarayonini tezlashtiradi hamda minglab yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini beradi.

Afgʻoniston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi mamlakatlardir. Bugun Afgʻoniston muhim burilish davrini boshdan kechirayotganiga qaramay, mamlakatimiz bu diyorda tinchlikka erishish uchun mojaroni siyosiy yoʻl bilan hal etish zarurligini taʼkidlamoqda va bu borada doimo faol koʻmaklashish siyosatini olib bormoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuvning hozirgi tendensiyasi — tarixiy voqelik. Siyosat, xavfsizlik, barqarorlikni saqlash va taraqqiyot sohalarida mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish qoʻshni mamlakatlar xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi, ular oʻrtasidagi birodarlik rishtalarining yana-da mustahkamlanishi, Markaziy Osiyoning ulkan iqtisodiy va sivilizatsion salohiyatini toʻliq amalga oshirishga xizmat qiladi”.

Ilgari surilgan tashabbuslarda Oʻzbekiston markaziy oʻringa ega ekani yaqqol sezildi

Konferensiyada Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy bogʻliqlikni yana-da mus tahkamlash doirasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashab buslar ilgari surildi.

Bu tashabbuslardan koʻzlangan maqsad — Oʻzbekiston xalqi manfaatlaridan kelib chiqib, uning xavfsiz, erkin va farovon yashashi, ziddiyat hamda ijtimoiy-iqtisodiy larzalardan xoli boʻlgan mintaqalararo hamkorlik va sheriklik makonini yaratishdan iborat.

Davlatimiz rahbari tomonidan qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat boʻlib, oʻzaro bogʻliqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch, izchil hamda barqaror rivojlanish, mintaqalarimizda xavfsizlikni taʼminlash, aholi turmush darajasi va farovonligini oshirishning yagona yoʻli ekani tarixiy dalillar, iqtisodiy tahlillar asosida isbotlab berildi.

Mamlakatimizning tashqi siyosati, mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish borasidagi amaliyot nafaqat Oʻzbekistonning savdo hamda iqtisodiy salohiyati oshishiga, balki butun mintaqa davlatlari rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bunday hayotbaxsh gʻoya va tashabbuslar xalqaro konferensiyada ishtirok etgan siyosatchilarning ham eʼtibor markazida boʻldi.

Xususan, ishtirokchilar tomonidan ushbu tadbir Markaziy Osiyo mintaqasining Janubiy Osiyo bilan oʻzaro bogʻliqligi asosida yangi va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻzida mujassam etgani, hududlarning avtomobil va temir yoʻllar, energetika sohalarini rivojlantirish istiqbollari yuqori ekani qayd etildi.

Keyingi besh yilda mamlakatimiz taraqqiyotida sayyohlik sohasining hissasi xolis tahlil qilinib, uni rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Konferensiyada ham Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyati va uni rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlik toʻgʻrisidagi takliflar, jumladan, xalqlarning tarixiy hamda madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish taklif etildi.

Darhaqiqat, Buyuk ipak yoʻli oʻtgan hududlarda sayyohlik salohiyati juda yuqori. Sharq va Gʻarb mamlakatlarini birlashtirib turgan asosiy karvon yoʻllari Amudaryoni kechib, Afgʻoniston orqali Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga yoʻnalganini hisobga olsak, Surxondaryo viloyatida tarixiy arxeologik, diniy, ziyorat, ekologik, tibbiy, ishbilarmonlik kabi sayyohlik turlarini rivojlantirish yoʻli bilan Janubiy Osiyodan koʻplab sayyohlarni jalb qilish imkoniyatini oshirish mumkin.

Birgina Termiz shahrida oʻtkazib kelinayotgan turli xalqaro forumlar, jumladan, 2019-yili oʻtkazilgan “Amudaryo — sivilizatsiyalar tizimida” deb nomlangan xalqaro konferensiya Surxondaryo viloyatiga kelayotgan xorijlik sayyohlar sonining bir necha barobar oshishiga xizmat qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi xabga aylantirish, oliy taʼlimning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish masalalari sohadagi konseptual vazifalar sifatida belgilangan. Bu borada ham Prezidentimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish, shuningdek, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha onlayn-platforma yaratish taklifini ilgari surdi. Bunday taklif sohaga taʼlim sifatini yaxshilash, xorijiy tajribalarni oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonini jadallashtirish, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish imkoniyatini beradi.