Markaziy va Janubiy Osiyoning transport aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyul 2022 1310

    Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Dehli shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Hindiston Respublikasi portlar, kemachilik va suv yoʻllari vaziri Sarbanand Sonoval bilan uchrashdi.

    Tomonlarning diqqat markazida savdo va investitsiyaviy hamkorlik masalalari boʻldi. Shu nuqtayi nazardan, uchrashuvda qayd etilganidek, ikki mamlakat rahbariyati tomonidan qoʻyilgan ulkan maqsadlarga faqat Markaziy va Janubiy Osiyoning logistika va transport aloqalarini rivojlantirishga oʻz vaqtida eʼtibor qaratish orqali erishish mumkin.

    Oʻzbekiston tomonidan Toshkent – Saraxs – Chabahar – Nhava Sheva porti (Mumbay) yoʻnalishi boʻyicha konteynerlardan iborat birinchi qatnovni tashkil etish, loyihani muvaffaqiyatli yakunlagach esa boshqa asosiy maqsadlarga, shu jumladan, yuqoridagi yoʻlakning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qulay sharoitlarni shakllantirishga kirishish taklif etildi.

    Hindiston tomoni bilan ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlovchi qatnovlari sonini haftasiga 4 dan 5 gacha oshirish, shuningdek, haftasiga 2-marta havo transportida yuk tashishni yoʻlga qoʻyish masalasi kelishib olindi.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakatning transport sohasidagi hamkorlik istiqbollarini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadida muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha faol va doimiy muloqot qilishga sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.