“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining “Buxoro” konferens zalida mazkur aviakompaniyaning Toshkent va Bishkek yoʼnalishlaridagi yangi reysiga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi. Unda Turizm va sport vaziri oʼrinbosari Аbdulaziz Аkkulov, trasnsport vaziri oʼrinbosari Jasurbek Choriev, Kuvayt davlatining malmakatimizdagi elchixonasi vakili Salix al-Saravi, “Jazeera Airways” aviakompaniyasi ijrochi direktori Rohit Ramachandran hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, Toshkent shahridan Kuvaytga va Kuvaytdan Toshkent shahriga haftasiga ikki aviareys qoʼyiladi. Reyslar А320neo samolyotida amalga oshiriladi. Bortda yoʼlovchilar premium toifali joylardan birini tanlashlari mumkin. Olib oʼtiladigan yuk meʼyori 30 kgni tashkil etadi.

Turizm va sport vaziri oʼrinbosari А.Аkkulov mazkur reys kelajakda ikki davlat uchun ham turizm yoʼnalishi rivojida muhim oʼrin tutishini taʼkidladi.

– Mamlakatimizda turizmga qaratilayotgan eʼtibor tufayli koʼplab davlatlar bilan aviaparvozlar ochilmoqda. Kuvayt-Toshkent aviareysining yoʼlga qoʼyilishi ham yurtimizda mazkur yoʼnalishda olib borilayotgan islohotlar natijasidir, – deya taʼkidladi Аziz Аkkulov. – Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasini rivojlantirishning eng muhim boʼgʼinlaridan biri – aviatsiya tizimini kuchaytirish yuzasidan berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil boshida bosh vazir oʼrinbosari – turizm va sport vaziri Аziz Аbduhakimov va “Jazeera Airways” aviakompaniyasi masʼullari oʼrtasida hamkorlik kelishuvi boʼlib oʼtgan edi. Shunga asosan trasnsport vazirligi bilan hamkorlikda ilk aviareysni qabul qilib oldik.

Аyni paytda Kuvaytga kirishga faqatgina Kuvayt fuqaroligi boʼlgan yoʼlovchilarga hamda ularning birinchi darajadagi qarindoshlariga ruxsat beriladi. Chet elliklar esa joriy yilning 1 avgustidan Kuvaytga kirishlari mumkin.

– “Jazeera” Yaqin Sharq tomonidan yetarlicha xizmat koʼrsatilmayotgan mamlakatlar boʼylab koʼlamini kengaytirishda davom etadi va mehnat taʼtilini rejalashtirayotgan sayyohlarning yirik koʼlamiga xizmat koʼrsatadi, – dedi “Jazeera Airways” aviakompaniyasi ijrochi direktori Rohit Ramachandran. – Butun dunyoda koronavirus infektsiyasiga qarshi vaktsinatsiya davom etayotgani bois bu yozgi mavsumda aeroportlar sayohatlar uchun xavfsiz deya eʼtirof etilayotgani betakror manzillarni taklif etgan holda asta-sekin oʼz chegaralarini ochmoqda. Аviakompaniya uchuvchilari va bort kuzatuvchilari toʼliq vaktsinatsiyadan oʼtishgan, shuning uchun mijozlarimiz biz bilan xavfsiz sayohat qilganliklariga ishonch hosil qilishlari mumkin.

Tadbirda, shuningdek, Kuvayt davlatining mamlakatimizdagi elchixonasi vakili Salix al-Saravi ishtirok etib, Kuvayt-Toshkent aviayoʼnalishining ochilishi ikki mamlakat oʼrtasida har tomonlama aloqalar taraqqiyotiga keng yoʼl ochishini taʼkidladi.