Mamlakat va jamiyat taraqqiyotining asosiy koʻrsatkichlari taʼlim va ilm-fan rivoji bilan belgilanadi. Ular taraqqiyoti esa bevosita eʼtibor, sharoit va imkoniyatlar bilan bogʻliq. Bu borada mamlakatimizda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Farmon va qarorlar imzolanib, ularni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yili ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlari taʼlim va ilmning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi, ularni kompleks rivojlantirishga kirishildi.
Oʻzbekiston matematiklar jamiyatining Toshkent davlat transport universitetida oʻtkazilgan koʻchma yigʻilishi ham shu yoʻldagi qadamlardan biridir. Prezidentimizning “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan yigʻilishda Oʻzbekiston matematiklar jamiyati akademiklari hamda respublika oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
— Mamlakatimizda matematika fanini oʻqitishga eʼtibor kuchayayotgani bejiz emas. Bu, ayniqsa, transport sohasida yaqqol namoyon boʻlyapti, — dedi Toshkent davlat
transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov. — Transport tarmogʻi tobora kengayib, sohada ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ularni hal etishda mutaxassislarning matematikadan tayyorgarligini oshirish, tatbiqiy matematikani ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish zaruriyati kuchaymoqda. Raqamli iqtisodiyot, oʻz navbatida, matematik tadqiqotlarni amaliyotda qoʻllash ehtiyojini tezlashtirdi. Bugungi texnologiyalar davrida matematik bilimlar bilan qurollangan muhandislarga talab va ehtiyoj ortmoqda. Bu esa darslar jarayonida fanlarning oʻzaro integratsiyalashuvini talab etadi. Ayni paytda universitetimizda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar juda koʻp. Bugungi anjumanning professor-oʻqituvchilarimiz ilmiy faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz. Shuningdek, talabalarning dars va amaliyot jarayonida matematika fanidan oladigan bilimlari ahamiyatini chuqur anglashiga yordam beradi, deb oʻylayman.
Yigʻilishda akademiklar Shavkat Alimovning “Muhandislik masalalarini matematik modellashtirish”, Azimboy Saʼdullayevning “Texnik masalalarni hal qilishga kompleks oʻzgaruvchan funksiyalarni qoʻllash” mavzuidagi maʼruzalari tinglandi.
Shuningdek, yigʻilish doirasida Fanlar akademiyasi V. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti bilan Toshkent davlat transport universiteti oʻrtasida memorandum imzolandi. Mazkur memorandum universitetda matematika fanini oʻqitish sifatini yuqori darajaga koʻtarish, muhandislik sohasida matematik modellarni qoʻllashga imkon yaratadi.