Oʼtgan yili davlatimiz rahbari XVI Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvida Oʼzbekiston Milliy paralimpiya qoʼmitasi tarkibida “Matonat maktabi” tashkil etish taklifini bildirgandi.
“Аfsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina toʼsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʼzini yoʼqotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojoʼya yoʼllarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yoʼq emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, oʼz hayotingiz, mashaqqatli yoʼlingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʼtayotganingiz haqida soʼzlab bersangiz, ular, albatta, sizlarga ergashadi”, deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz.
Paralimpiyachilarning matonat maktabi taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallalarda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxslarning qoʼlga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targʼib qilish maktabi demakdir.
Bu bizga nima beradi?
Аvvalo, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxs lar, ayniqsa, yoshlarda halollik, vijdonlilik, vatanparvarlik kabi fazilatlar, milliy gʼurur tuygʼularini shakllantiradi. Qolaversa, yoshlarni parasport turlariga kengroq jalb qilish mexanizmi ishga tushiriladi.
Maktabning yana bir vazifasi — ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga takliflar kiritish hamda tavsiyalar berish. Shuningdek, yoshlarga oʼrnak koʼrsatish va shaxsiy namuna sifatida ularni matonatli etib tarbiyalash, bu borada ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob kechalari, kitobxonlik, oʼyinlar, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etishda matonat maktabi yetakchi rolь oʼynaydi.
Mazkur qaror asosida Oʼzbekiston Milliy paralimpiya qoʼmitasi huzurida “Matonat maktabi” tashkil qilinib, unga qoʼmita raisi rahbarlik qilishi belgilandi. Bunga qoʼshimcha ravishda 2 shtat birligi ajratiladi. Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʼyicha respublika kengashi Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʼlga qoʼyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʼyicha respublika kengashi etib qayta nomlanyapti.
Bizga bu borada Mudofaa hamda Sportni rivojlantirish vazirliklari yordam beradi. Matonat maktabi yutuqlari, maktab vakillarining ibratli hayot tarzini targʼib qilishga Mudofaa vazirligi yordam bersa, yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasidagi vazifalar Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Maqsadimiz “Yangi Oʼzbekiston — yangi gʼalabalar sari” degan hayotiy eʼtiqodni qaror toptirishga qaratilgan.
Yangi hayotga qadam qoʼyayotgan har qanday yoshning oʼzi intilgan insoni, sevib qoʼllab-quvvatlaydigan sportchilari boʼladi. Shu maʼnoda aytish lozimki, bugungi paralimpiyachilarimiz ham oʼz irodasi va matonati bilan ana shunday sharafga loyiq insonlar. Garchi jismoniy imkoniyati cheklangan
boʼlsa-da, ularning har biri qahramon, hayot yoʼli ibrat boʼlishga arzigulik. Ular haqida filьmlar ishlanadi, koʼrsatuvlar tayyorlanadi, maxsus kitoblar chop etiladi. Inson irodasi metindek mustahkamligi koʼrsatib beriladi.
Hujjat asosida poytaxtimizning Аbdulla Qodiriy koʼchasida joylashgan piyodalar yurish va dam olish maskanida Paralimpiyachilar bogʼi tashkil etilyapti. Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga “Paralimpiya harakati” nomi beriladi.
Matonat maktabi boʼyicha Oʼzbekiston tajribasini dunyo mamlakatlariga targʼibot-tashviqot etish maqsadida 2023 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida “Paralimpiya matonatchilari” xalqaro forumi oʼtkaziladi. Bularning barchasi yoshlarning sevimli paralimpiyachilari timsolida ularga izzat-ikrom va hurmat koʼrsatish sanaladi. Nogironligi boʼlgan shaxslar eʼtiborimizdan chetda qolmaydi.
Paralimpiya butun dunyoga yoyilgan xayrli va savobli harakatlardan sanaladi. Shuning uchun jismoniy imkoniyati cheklangan yoki nogironligi boʼlgan shaxslar oʼrtasida ommaviy sportni yanada rivojlantiramiz. Har birining iqtidori va imkoniyatiga qarab parastol tennisi, paradzyudo, golbol, 5x5 futbol, paraengil atletika, bochcha, parapauerlifting, paraqilichbozlik, aravachada basketbol kabi sport turlariga alohida eʼtibor qaratamiz. Ularni zaruriy sport jihozlari va sport formalari bilan taʼminlab boramiz.
Bu orqali professional sportni ham rivojlantirib, xalqaro musobaqalar va Paralimpiya oʼyinlarida mamlakatimiz dovrugʼini yanada kengroq yoyishga oʼz hissamizni qoʼshamiz.
Muxtorxon Toshxoʼjayev,
Oʼzbekiston Milliy paralimpiya qoʼmitasi raisi