O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalaridan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Toshkent shahri), Mir Arab oliy madrasasi (Buxoro shahri) va Hadis ilmi maktabi (Samarqand viloyati) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ham mavjud bo‘lib, ular “Ko‘kaldosh” (Toshkent shahri), “Mir Arab” (Buxoro shahri), “Sayyid Muhyiddin maxdum” (Andijon viloyati), “Hidoya” (Namangan shahri), “Xoja Buxoriy” (Qashqadaryo viloyati),  “Faxriddin ar-Roziy” (Xorazm viloyati), “Muhammad al-Beruniy” (Nukus shahri), “Imom Termiziy” (Termiz shahri) o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyat yuritadi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 2 ta ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ham mavjud bo‘lib, ular “Xadichai Kubro” (Toshkent shahri) va “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari (Buxoro shahri) hisoblanadi.

Aynan yuqoridagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga qonunchilikka ko‘ra diniy ta’limotdan saboq berish vakolati berilgan bo‘lib, xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish qonunga xilof hisoblanadi va tegishlicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-moddasi “Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish” deb nomlangan bo‘lib, unga ko‘ra maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2292-moddasi ham “Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish” deb nomlangan bo‘lib, unga Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2025-yilning 8-noyabrida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘RQ-1080-son Qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonunga ko‘ra, 2025-yilning 8-noyabridan boshlab amaldagi Jinoyat kodeksining 2292-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:

“Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz voyaga yetmagan shaxsga diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek voyaga yetmagan shaxsga xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, –

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

2025-yilning 8-noyabrida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1080-son Qonuni 3-moddasi 4-bandi mazmunidan shu ma’lum bo‘ladiki, maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz voyaga yetmagan shaxsga diniy ta’limotdan saboq bergan shaxslar, xuddi shuningdek voyaga yetmagan shaxsga xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq bergan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ma’lumki, qonunchilikka ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarigagina diniy ta’limotdan saboq berish uchun diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsati berilgan, ya’ni ular diniy ta’limotdan saboq berishda vakolatli hisoblanadi. Mazkur oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan shaxslar maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘ladilar.

Ma’lumki, ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga hilof ravishda diniy ta’lim olish uchun maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan insonlar qo‘liga topshiriladi. Bunday insonlar “rasmiy diniy ta’lim” iborasidan asosan ko‘proq voyaga yetmagan bolasini diniy ta’lim olishi uchun qiziqadigan ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarni jalb etish maqsadida foydalanadi. Bunda ko‘pincha diniy aqidaparastlik va mutaassiblik g‘oyalarini singdirish kabi illlatlar rivojlanishiga olib keladi. Natijada O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlarini yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, fuqarolarga rasmiy diniy ta’lim faqatgina yuqorida aytib o‘tilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimdagi ta’lim muassasalarida beriladi. Voyaga yetmagan bolasini diniy ta’lim olishi uchun qiziqadigan ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar diniy bilimlarni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini ushbu ta’lim muassasalari imkoniyatlari orqali qondirishni tavsiya etildi.

Xususan, bunday imkoniyatlarga 2018-yildan hududlarda buyon o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan 28 ta “Qur’on va tajvid” kurslarini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Mazkur kurslarga bunday faoliyatni amalga oshirish uchun diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsati berilgan bo‘lib, unda maxsus diniy ma’lumoti ega bo‘lgan shaxslar diniy ta’limotdan saboq beradi.

 

A.Mamajanov,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi dotsenti v.b., y.
f.f.d (PhD)