Maxsus maqsadli hisobvaraqlar Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ochiladi va yopiladi

    Moliya 25 May 2022 2124

    Prezidentning “Hisob-kitob tizimini takomillashtirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Hujjatga koʻra, barcha toifadagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng raqobat sharoiti yaratilishini davom ettirish, shuningdek, hisob-kitob tizimining shaffofligini oshirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomini yanada mustahkamlash maqsadida:

    ➖ 2022-yil 15-iyundan boshlab xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tijorat banklarida ochilgan qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga yoʻl qoʻyilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlari tugatiladi.

    Bunda, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tugatilgan maxsus maqsadli hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldigʻi ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobvaraqlariga oʻtkaziladi;

    ➖ maxsus maqsadli hisobvaraqlar Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ochiladi va yopiladi;

    ➖ maxsus maqsadli hisobvaraqlarni ochish va (yoki) yopish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalari Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan majburiy ravishda kelishiladi.