“MDH 2022 XIF”da Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev taqdimot qildi. Bugungi kunda energetika kompleksida, jumladan, Oʻzbekiston neft-gaz sanoatida sohaning raqobatbardoshligi, uning eng yaxshi xalqaro standartlar, xususan, ekologik standart talablariga mos kelishining asosiy omili boʻlgan bozor munosabatlariga oʻtishni jadallashtirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Bugungi kunga kelib neft-gaz sohasini isloh qilishning birinchi bosqichi toʻliq yakunlandi, uning davomida “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻlindi, kompaniya boshqaruv tizimidagi keraksiz oraliq boʻgʻinlarni sezilarli darajada qisqartirish, faoliyat doirasida aksiyadorlik jamiyatlarini shakllantirish imkonini berdi. Xususan, tabiiy gaz sotib olish boʻyicha yagona operator sifatida belgilangan “Oʻztransgaz” AJ “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarildi, “Hududgaztaʼminot” AJ ham gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish va yakuniy isteʼmolchilarni gaz bilan taʼminlash uchun alohida tashkil etildi.

Samarali neft va gaz sanoatini yaratish “yashil energetika”ning ajralmas qismidir. Mamlakatimiz gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish, gaz isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishni takomillashtirish hisobiga atmosferaga chiqindi gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish, gazni tashishda yoʻqotishlarni minimallashtirish va boshqa muhim ishlar taʼminlanyapti.

“Yashil energetika” va neft-gaz sohasidagi islohotlar bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Shunday qilib, Oʻzbekiston 2026-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqarish hajmini 25 foizga (8 GVt) oshirishni maqsad qilgan. Oʻz navbatida, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari nafaqat butun dunyoda dolzarb boʻlgan yashil kun tartibiga amal qilish, balki gaz kabi muhim tabiiy resursning salmoqli qismini tejash imkonini beradi.

2021-yil Oʻzbekiston tarixiga 100 MVt quvvatga ega boʻlgan, yiliga 252 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan, shuningdek, 80 million kub metr tabiiy gaz tejaladigan va atmosferaga 160 ming tonna issiqxona gazlari chiqishini oldini oladigan birinchi sanoat miqyosidagi quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish yili sifatida ham kirdi.

Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energetika sohasida oʻnlab yangi yirik investitsiya loyihalari amalga oshirishning turli bosqichlarida turibdi. Shu tariqa, aprel oyiga qadar Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega navbatdagi yirik quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

Bugungi kunda energiya resurslariga boʻlgan talab tarkibi sezilarli darajada oʻzgarib boryapti, xususan, uglevodorod resurslaridan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish jarayonida vodorod energetikasini rivojlantirish masalasi dolzarb boʻlib qoladi.

Shunday qilib, “yashil energetika”ni rivojlantirish mamlakatimiz yoqilgʻi-energetika kompleksining butun tuzilmasi boʻylab har tomonlama davom etib, Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotini bosqichma-bosqich karbonsizlanish darajasiga yaqinlashyapti.