O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti tashabbusi bilan 24 yanvar kuni O’zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetida “Media makonda milliy kontent yaratish mas’uliyati” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.
Tadbirda Jurnalistlar uyushmasi raisi, uyushma mas’ullari, O’zDJTU professor-o’qituvchilari, talabalar ishtirok etdi. Tadbirni universitetning xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov ochib berdi.
O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov bugungi kunda media makonda milliy kontent yaratish zarurati xususida to’xtalib, bu borada qilinayotgan ishlar haqida so’z yuritdi. Shuningdek, sohada hali qilinajak ishlar ko’pligini ma’lum qildi.
“Yosh jurnalistlar” Kengashining raisi Shuhrat Oripov ham bu borada o’z fikr-mulohazalarini bayon etib, bugungi kundagi jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalar, muammo va yechimlar borasida fikrlarini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari ham o’z taklif va mulohazalari bilan o’rtoqlashdi. Xususan, O’zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Klimentina Ismailova xalqaro treninglar o’tkazishdagi oqsalishlar, tahliliy maqolalardagi kamchiliklar, media savodxonlik, xususan, internet nashrlarida e’lon qilinayotgan materiallardagi xatoliklar borasida to’xtalib, bu yo’nalishda yangilanishlar qilinishi lozimligini ta’kidladi.
O’zDJTU o’qituvchisi Shahnoza Aliyeva esa maxsus yo’nalishlarni qamrab oladigan gazetalar yo’qligi, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasi haqida fikrlarini bildirar ekan, bosma matbuot zarurati xususida alohida to’xtaldi.
Talaba Zanjiloy Abdusalomova esa gazetalar qoshida mahorat darslari, ustoz-shogird an’analarini yo’lga qo’yish bo’yicha takliflarini bildirdi.