2020-yildagi pandemiya butun dunyo mamlakatlarida barcha sohalarga, jumladan turizm sohasiga ham sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi.

Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri oqibatida eng koʻp zarar koʻrgan va koʻrayotgan turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash, yuz minglab ish oʻrinlari va malakali mutaxassislarni saqlab qolish, ularning daromadlarini ushlab turish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Hozirgi pandemiya davrida turizm sohasini qayta tiklash, turizm infratuzilmasi obyektlarida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan mamlakatimiz hukumati tomonidan bir qancha qaror va farmonlar tasdiqlandi va chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi toʻgʻrisida Nizom” ushbu chora-tadbirlardan biridir.

Ushbu Nizomda “Sirli mehmon” mexanizmi orqali yashirin baholash tizimi joriy qilindi. Yashirin baholash, joylashtirish vositalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga doir oʻtkaziladigan soʻrovnomalar, turizm obyektining xizmat koʻrsatish sifatini monitoring qilish, boshqarishni baholash tizimi tomonidan aniqlanadigan tashrif buyuruvchilarning soʻrovnomalari natijalarining reytingi past boʻlganda yoki turistik xizmat obyekti murojaatiga asosan, joylashtirish vositalari tomonidan, jumladan xalqaro bronlashtirish maydonlarida muvofiqlik belgisidan (yulduzlar) noqonuniy foydalanganlik holatida oʻtkaziladi.

“Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan oʻtkazilgan tahlillar natijasiga koʻra pandemiya davrida mamlakatimizdagi turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarining xizmat koʻrsatish sifati sezilarli darajada pasaygani aniqlandi. Markaz tomonidan joriy yilda “Sirli mehmon” mexanizmini amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu mexanizm turizm infratuzilmasi obyektlarida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.