Joriy yilda viloyatdagi xorijdan qaytib kelgan, shuningdek, pandemiya sababli xorijga rejalashtirgan ish joylariga chiqib keta olmagan fuqarolarni ichki mehnat bozoriga moslashtirish (reintegratsiya qilish) yuzasidan “mahallabay” tizim asosida ishlar amalga oshirilyapti.
Mehnat, mahalla va Agentlik filiali oʻzaro hamkorlikda joriy yilning oʻtgan davrida viloyat boʻyicha 6 ming 152 nafar mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqaro bandligi taʼminlanishiga erishdi. Xususan, 4 ming 294 nafar fuqaro egallagan kasbi va mutaxassisligi boʻyicha doimiy ishga joylashtirilib, 1 ming 341 nafari kasb-hunarga qayta oʻqitildi. 438 nafariga belgilangan tartibda subsidiyalar ajratildi hamda 79 nafariga tijorat banklarining mikrokreditlari ajratish orqali bandligi taʼminlandi.
Jondor tumanida 2020-yilda tashkil etilgan “Jondor global mega tekstil” korxonasida 147 nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlangan. Matodan sochiq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada ishchilarning 84 nafari xorijdan qaytib kelganlar va chet elda ishlayotgan mehnat migrantlarining oila aʼzolaridir.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi oʻrinbosari A.Yunusov ushbu korxona ishchilari bilan uchrashdi, ular uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, korxonaning kelgusidagi rejalari bilan tanishdi. Agentlik va korxona oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, Jondor tumani va unga yaqin boʻlgan hududlardan 80 nafar mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalalari boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.