Uchrashuvda T.Narbayeva mamlakatimizda soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimida sezilarli oʻzgarishlar boʻlgani, sohada tashkiliy-huquqiy, qonunchilik hamda xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.
Muloqot davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etilishida xalqaro maydonda tan olingan Oʻzbekiston tajribasi alohida qayd etildi.
Shuningdek, bolalar mehnatini va majburiy mehnatni oldini olish borasida fuqarolik jamiyati institutlari, kasaba uyushmalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlik olib borilayotganligi alohida eʼtirof etildi.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik alohida oʻrin tutishi, soʻnggi yillarda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitlarini takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tomonlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonlarda kasaba uyushmalari faoliyatini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, 2021-yilda Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining faoliyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, Kengashning oʻtgan davrdagi faoliyati davomida qator tadbirlarni amalga oshirib, mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qoʻshdi.
Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yoʻnalishida hamkorlikdagi loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.