Hozirgiday supermarketlar boʻlmagan, meva faqat mavsumidagina pishadigan paytlar. Saksondan oshgan onasining koʻngli nima tusaganini bilgan oʻgʻil volidasining qulupnay yeyish istagini qondirish uchun poytaxtning barcha bozorlarini aylanib chiqadi. Qish boʻlgani bois Toshkentdan qulupnay topolmagan farzand samolyotda Moskvaga borib, qulupnay olib keladi. Bugun esa, ana shunday holatga duch kelib qoladigan mehribon oʻgʻillar chet mamlakatga borishi shart emas.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yerdan unumli foydalanish, ayniqsa, tomorqani daromad manbaiga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlar tufayli endi oʻzimizda ham turli poliz mahsulotlarini, hatto qulupnayni ham istalgan paytda sotib olish mumkin. Barcha hududlardagi aholi xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish orqali taʼminlanayotgan bunday toʻkinlik nafaqat ehtiyojimizni qondirishi, balki iqtisodiy samaradorlikka olib kelishi bilan ahamiyatli.
Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining kuni kecha Andijon viloyati faollari bilan oʻtkazgan yigʻilishi viloyatda bu boradagi ishlarni yana-da yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi. Xususan, Izboskan tumanining Urganji mahallasidagi xonadonlarning biriga tashrifi chogʻida Prezidentimiz “Endi har bir xonadonning imkoniyatidan kelib chiqib, biznes-reja yozib beriladi. Davlat tashkilotlari sharoit yaratadi. Hozirgi zamonga munosib boʻlib, mehnat qilmasak, niyatimizga yetolmaymiz. Xudoning oʻzi mehnatga, harakatga yarasha ajrini beradi”, dedi.
Darhaqiqat, mehnat qilgan elda aziz boʻlishi barobarida mashaqqatlarining rohatini albatta koʻrar ekan. Andijonlik Abduvahob aka Xudoyberdiyev ham halol mehnatdan rohat koʻrayotganlardan. Ayni paytda uning tomorqasida hosili avjiga kirgan qulupnaylar koʻpchilik oʻylaganidek taʼmsiz emas. Aslida tansiq mevalarni istalgan paytda topa olishning oʻzi ham bir moʻjiza, lekin Abduvahob akaning qulupnaylari qishda ham yozda ham birdek mazali. Ayni kunlarda uning xonadoniga tashrif buyurib, pushtadan qulupnay terib yegan har qanday kishi mevaning xushboʻyligini eʼtirof etayotgani fikrimizning isbotidir.
Chindan ham xonadonga kirishingiz hamono qulupnayning yoqimli hidi dimoqni qitiqlaydi. Qirgʻizistondan olib kelingan “Bishkek”qulupnaylari ochiqlikda qor yoqqunicha, issiqxonada qishda ham pishib yetilishi bilan xonadon egalarini hayratga soldi. Shu kunlarda supermarketlarda ham kamyob boʻlgan bu rezavor mevani 7 sotix yerda yetishtirayotgan mirishkorlar bozorga har ikki kunda 25-30 kilo qulupnay yetkazib beryapti.
Navga ham koʻp narsa bogʻliq ekan
— Dastlab oʻzimizning ehtiyojimiz uchun tomorqamizning ozroq yeriga qulupnay ekkan edik, — deya gap boshladi 71 yoshli otaxon. — Hosili yaxshi boʻldi, bola-chaqa bilan mazza qilib yedik. Odatda, qulupnay bir marta pishar edi. Qarasak, qayta-qayta meva tugyapti. Qor yogʻay deb tursa ham gullashdan toʻxtamaydi. Shunda tushundikki, biz oʻzimiz bilmagan holda qulupnayning noyob navini ekkan ekanmiz. Koʻchatlarni oʻzimizga yaqin boʻlgan, “Namuna” mahalla fuqarolar yigʻinidan sotib olgandik. Keyin bu navni koʻpaytirish haqida oʻylab qoldik. Tavakkal qilib, tomorqaga toʻligʻicha qulupnay ekib yubordik. Natija juda yaxshi boʻldi, mehnatlarimiz besamar ketmadi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, qulupnayning Janubiy Koreyadan keltiriladigan koʻplab navlari bozorgirligi, oʻziga xos mazasi bilan ajralib turadi. Abduvahob akaga shu va shunga oʻxshash navlardan ham ekishni taklif qilganlar boʻlyapti. Ammo oʻzi tanlagan qulupnay navi serhosilligi, har qanday mavsumda meva tugishi bilan boshqalaridan ustunlik qildi.
Daromad har ikki kunda 500–600 ming soʻm
Ikki kunda bir hosil terib olingach, Abduvahob aka oʻgʻillari bilan darhol egatlarga suv taraydi. Uzilgan qulupnay avaylab saralanib, salqin joyda saxargacha saqlanadi. Erta tongda bozorga yetkazilib, koʻtarasiga 20-25 mingdan, maydalari 15 ming soʻmdan sotiladi. Ikki kunning birida roʻzgʻorga 500-600 ming soʻm daromad kiradi. Oʻtgan yili qilgan daromadi evaziga uy-joylarini taʼmirlab olgan xonadon egalari bu yilgi foydaga kenjatoy nevara — Muhammadziyoning sunnat toʻyini oʻtkazishoqchi. Mayli-da, hozir uy-joyimni taʼmirlayman, toʻy qilaman, deb kredit olayotganlar ham koʻp. Shu maʼnoda, oilaning ichki ehtiyojlarini uning oʻzi qondira olishi tadbirkorlik aslida.
Yaxshi hosil astoydil mehnat va eʼtibor talab qiladi
Abduvahob akaga havas qilgan, yaxshi daromad topishni hohlagan qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlar undan qulupnay koʻchatlarini sotib olishdi. Koʻchat olayotgan har bir xaridorga undan moʻl hosil olish uchun alohida mehr kerakligi, agar mehnatiga chidamasa, ovora boʻlmaslikni toʻgʻri tushuntiradi otaxon. Axir koʻchatning donasini 500 soʻmdan sotib olayotgan qoʻni-qoʻshnilar ham sarflagan pulini bemalol qoplasin, deb jon kuydiradi-da. Bejiz emas ekan, roʻparadagi qoʻshnisi Orzixon opaning kelini aynan usta qulupnaychilardek mehnat qilayotgani bois, oʻzini ancha tiklab oldi. Koʻpchilik qarovini koʻngildagidek qila olmay, toʻgʻrirogʻi, mehnatiga chiday olmay, koʻchatlarni oʻz holiga tashlab qoʻydi. Bunday vaziyatda oddiy qulupnay navlari kabi bu nav ham mavsumiy hosil berishdan nariga oʻtmaydi, albatta.
Mahalladoshlar bilan bir oila boʻlib
Mahallaning yangi saylangan, yosh raisi Oʻtkirbek Rejabaliyev Abduvahob aka va uning oilasi, shuning ortidan mahallaning oynai jahonda namuna qilib koʻrsatilganidan gʻururlanadi. Shundoq ham u mehnatkash oilalarni doim hurmat qiladi. Moddiy yordam soʻrab kelganlarga doimiy ish taklif qilar ekan, “Moddiy yordam olsangiz, bir marta olasiz, arzimagan pul, darrov tamom boʻladi. Agar bizda jamoatchilik asosida ishlasangiz, har oy maosh olasiz-ku”, deya uzoqni oʻylaydi. Shunday fidoiyligi, jonkuyarligi sabab hokimiyatdagilarning ham eʼtiborini qozongan. Tadbirkor, birni ikki qiladigan xonadonlarni boshqa oilalarga ibrat qilishdan aslo charchamaydi. Oʻziga qoʻyib berishsa, mahalladagi 5–10 ta xonadonni qulupnaychilikka ixtisoslashtirishga ham tayyor. Zero, uning oʻzi gap orasida tomorqasi keng, kungay xonadonlarga yangi navdan koʻchirib oʻtkazishni rejalashtirayotganini aytib qoldi. Darvoqe, tuman hokimi ham Abduvahob akadan avgust oyida 1 gektar yerga koʻchat tayyorlab berishni soʻragan. Demak, yaqin kelajakda Qoʻrgʻontepa tumanida qulupnay bilan band boʻlgan yerlar ancha kengayadi. Axir qoʻshni tumanlar, boshqa viloyatlardan bu navga qiziqib qolganlar xonadonga tashrif buyurib turgan bir paytda mahalladoshlar mezbon boʻlib oʻtiraveradimi? Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomorqadan unumli foydalanish haqida bot-bot taʼkidlayotgan soʻnggi paytlarda bu kabi oilalar mahallaning yuziga aylanyapti-ku!
Abduvahob akaning xonadoni azaldan saranjom-sarishta, bir qarich yer ham loaqal koʻkatlar bilan band. Koʻchasidagi kaftdek yerdan ayni paytda pomidordan moʻl hosil olib, qoʻshnilarga ham ulashyapti. Pomidordan oldin shu bir parcha yerdan bir yarim qop sarimsoqpiyoz olishga ham ulgurgan otaxon endi kechki kartoshka ekmoqchi bu yerga. Shu tariqa hosilning keti-ketiga ulanib, roʻzgʻorning kami tomorqaning oʻzidan chiqadi. Shuning uchun bu tomorqa oʻtgan yili mahallada “Eng namunali tomorqa” deb topildi.
Endi qishda ham qulupnay sotamiz
Abduvahob aka mana shunday ezgu niyat bilan yaqinda 3 million soʻmga 2,5 sotixli issiqxonani sotib oldi.
— Har yili Andijonga ertagi qulupnaylar Fargʻonadan keladi, — deydi otaxon. — Nasib qilsa, endi biz ham qishda bozorga qulupnay chiqara olamiz. Ochiqlikdagi koʻchatlarimiz esa mart oyining boshlarida hosilga kirib, oxirlarida bemalol pishishga kelib qoladi, — deya kelgusi rejalarini aytadi u.
Abduvahob aka ochiqlikka ekayotgan qulupnaylar ham odatdagidek may oyida emas, aprelda bemalol pishib yetiladi. Avgustning ikkinchi yarmidan ekila boshlaydigan koʻchatlar noyabr oyigacha yaxshilab parvarishlanadi. Oʻgʻitlar ham tabiiy, asosan goʻng sharbatlari oqiziladi. Tez-tez sugʻorib, chopib, parvarishlab tursangiz, kutgan hosilni olasiz. Otaxonning oʻzi aytganidek, asosiysi, mehr bersang bas, yer har qanday hosilni yetishtirib berar ekan.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri