Prezidentimizning farmoni bilan Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xoʻjaligi boshligʻi Muhammad Ahmedovning “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangani haqidagi xushxabar butun buxoroliklarni quvontirib yubordi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov va viloyat jamoatchiligi vakillari bugun, 25-avgust kuni Muhammad Ahmedovning xonadonida boʻlib, uni davlatimizning yuksak unvoni bilan tabriklashdi.
40 yilga yaqin umrini dehqonchilik rivoji-ravnaqiga bagʻishlagan Muhammad aka fermerlikdan chinakam baxt topgan insonlar. Yer bilan ishlash, dehqonchilik va chorvachilik madaniyatini puxta oʻzlashtirgan fermer ixtiyorida ayni kunda 196 gektar yer mavjud boʻlib, shundan 122 gektar paxta, 74 gektar gʻalla maydoni hisoblanadi.
Nafaqat viloyatda, balki respublikada yetakchi fermerlardan biri sanalgan Muhammad Ahmedov paxta va gʻalla yetishtirishda mahalliy oʻgʻitlardan samarali foydalanib, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida sifatli amalga oshirib, tuproq unumdorligini yaxshilashda ilgʻor tadbirlarni qoʻllab kelmoqda.
— Men aslida farzandlarim, nabiralarimga oʻrnak boʻlib, Vatanimizga xizmat qilayotganimdan xursandman. Bugun yaqinlarim, doʻstlarim, hamkasblarim shunday quvonchli kunimda yonimda ekanidan baxtiyorman. Rosti juda ham hayajonlandim. Bu kabi eʼtibor va xurmat uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Insonga yuksak ehtirom koʻrsatiladigan mamlakatimizning oliy unvoni men kabi barcha buxorolik dehqonlar mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman.
Shu bilan birga bu men uchun yanada yuksak masʼuliyat. Xalqimga, Prezidentimga vaʼda berib aytamanki, bundan buyon ham Parvardigor bergan umrni Vatanim ravnaqi, qishloq xoʻjaligini yuksaltirish uchun baxshida etaman, - deydi Muhammad Ahmedov koʻzida yosh bilan. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyev ham Muhammad Ahmedovni qishloq xoʻjaligi sohasidagi koʻp yillik mehnatlarini eʼtirof etgan holda samimiy qutladi.
Muhammad Ahmedov yaqinlari, hamyurtlari va maslakdoshlari, tuman, viloyat rahbarlarining tabriklari qurshovida oʻzigagina xos soddalik hamda kamtarlik bilan minnatdorchilik bildirdi:
— Meni ardoqlagan xalqimga, Prezidentimga rahmat!
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati