Fargʻona — vodiy marvaridi, ayollari uning dilbar tabiati timsoli. Ular jamiyatning har bir sohasida ulkan ishlarning uddasidan chiqib, oʻzlariga bildirilgan ishonchini oqlashmoqda.
Ayol qalbi bahor yangligʻ goʻzallik va ezgulikning yaratuvchisi, mehr-muhabbat, shodlik va hayotsevarlikning ibtidosi desak mubolgʻa boʻlmaydi.
Bugungi oʻzbek ayoli oʻzining bilim va tajribasi, tashabbuskorlik salohiyati bilan jamiyatimizning yuqori mavqelarini egallab kelmoqda. Ular fermerlik harakati, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, taʼlim, fan, madaniyat, sanʼat kabi yoʻnalishlarda faolligi, yangi tashabbuslarni hayotga tadbiq etayogani bilan ajralib turadi.
Albatta, bular oʻz oʻzida boʻlib qolayotgani yoʻq. Bu, avvalo, davlatimiz rahbarinig tashabbusi bilan xotin-qizlarga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, ehtiromning amaliy ifodasi.
Choʻl yerlarga dastlab kelganimda, yerning ayanchli ahvolini koʻrib, Qoʻqon shamoliga qoʻshilib uchib ketishimni tasavvur qilib yigʻlaganman. Ekin maydonlarining meleorativ holati, qoʻchirma qum, shoʻr yerlarda paxta yetishtirish oson boʻlmagan. Sal shamol tursa barcha maydonlar qum bilan qoplanardi. Hammasiga qoʻl siltab ketishga gʻurur yoʻl bermaydi. Bugungidek imtiyoz, imkoniyat, qoʻllab-quvvatlashlar qayoqda deysiz. Tepadan turib hamma buyruq berish, talab qilish bilan ovvora edi.
Bugun hayot tubdan oʻzgargan. “Mahallabay” tizimining yoʻlga qoʻyilishi har bir xonadonda endigina boʻy choʻzayotgan qorakoʻzlarning qiziqishlaridan tortib, maktabni endigina tugatgan yoshlarni yerli qilishga koʻmaklashyapti. Oʻgit-nasihat bilan emas, balki amaliy ishlar bilan. Ajratilgan dalasi haydab, suv chiqarib berilyapti, sara urugʻ keltirilib, ekinni parvarishlashiga, olgan hosilini sotishgacha yaqindan yordam koʻrsatilyapti.
Prezidentimiz tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan besh muhim tashabbus — xotin-qizlarni ish bilan band qilish, taʼlim va kasbiy koʻnikmalarini boyitish, ehtiyoj va qiziqishlarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan ishlar ayollar qaddini tikladi, faolligini oshirdi.
Yana bir eʼtiborli tomoni, kecha oddiy uy yumushlarini bajarish bilan andarmon boʻlib yurgan ayol nafaqat oila bekasi, shu bilan birga, yirik tadbirkor, eksportga mahsulot yoʻllayotgan korxonalarning rahbariga aylandi.
Shu kunga qadar birgina Oltiariq tumanimizda “Ayollar daftari”ga kirgan 1821 nafardan ortiq ayol 9 toifaga ajaratildi. Bugungi kunda ular bandligini taʼminlashga, ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ular tomorqada issiqxona, asalarichilik, parrandachilik, qoʻychilik, qoramolchilik yoʻnalishlarida mustaqil faoliyat koʻrsatishlari uchun amaliy koʻmak olishyapti.
Umrlaridan baraka topishsin. Endilida chekka va olis hududlarda ham shahardagidan qolishmaydigan zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari, pishiriq, tikuvchilik, ayollar goʻzallik saloni kabi kichik biznes tarmoqlari ishga tushirilmoqda. Bu yerda “Usta-shogird” anʼanalari asosida mahalla yoshlariga kasb-hunar oʻrgatilmoqda.
Tumandagi tadbirkorlik yoʻnalishda mustaqil ish boshlamoqchi boʻlgan 75 nafar tashabbuskor xotin-qizga 800 million soʻmdan ortiq imtiyozli bank kreditlari ajratilib, 300 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Bunday ezgu ishlar viloyat misolida umumlashtirganda katta hajmga aylanadi.
Oʻtgan yili 354 gektar gʻalla maydonning har gektaridan 50 sentenerdan don oʻrib oldik, 476 tonna paxta yetishtirdik. Zaif tuproqni unumdor qilib, yuqori hosil olishda 200 nafarga yaqin xotin-qizlar faol. Ularning amaliy yordami, qoʻllab-quvvatlashi, qabargan qoʻllari bilan choʻllar boʻstonga aylanmoqda, ekin maydonlarimiz hosildorligi muttasil oshib bormoqda. Xoʻjaligimizda mehnat qilayotgan odamlarning, toʻkis-tugal sharoitda ishlash, dam olishlari uchun hamma imkoniyat bor.
Ayni kunda yosh fermer qizlar maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Eʼtiborli jihati, bu jabhada mehnat qilish istagida boʻlgan tashabbuskor yoshlar koʻpchilikni tashkil qiladi.
Jimitdek boʻlsa-da, gʻayrat–shijoatga toʻlgan Gulsanam Mamarizayeva, Zarifa Sodiqova singari oʻquvchi qizlarimiz ekin ekishdan tortib, hosil oʻrim-yigʻim terim ishlarida faol boʻlib kelishmoqda. Ipak qurti parvarishi avj olgan ayni pallada bu sohaning bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishyapti. Muhimi, mehnatsevar, qatʼiyatli boʻlajak fermer qizlarimiz dehqonchilik sirlari qatori yurtga muhabbat, yerga sadoqat, sobitqadamlik bobida koʻpdan saboq olmoqda. Ular yurt taraqqiyoti, aholi farovonligi yoʻlida olib borilayotgan islohotlar davomchilari.
Prezidentimiz oʻtgan yilning 5-6-iyun kunlari viloyatimizda qilgan tashrif chogʻida Margʻilondagi Hunarmandlar markazida oʻtkazilgan uchrashuvda: “Mening eng katta islohotim — har bir oilaning nuri boʻlgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Bu — Fargʻonadagi oʻzgarishlarning boshlanishi, qaldirgʻochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori boʻladi”, deya takidlagandi.
Darhaqiqat shunday. Mamalakatimiz boʻylab quloch yoygan hayotbaxsh islohotlar, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash va hayotdan rozi boʻlib yashashlari yoʻlidagi amaliy tadbirlar bugungi kunda dilbar Fargʻonamizning har bir oilasi, xonadonida boʻy koʻrsatib turibdi.
Lola MUROTOVA,
Oʻzbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi
“Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari