Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan tingladi. Bu kun Yangi Oʻzbekiston tarixining eng muhim sanalaridan biri boʻlib qoldi — har bir oilani sogʻlom, farovon qilishga qaratilgan oʻnlab yangi, hayotbaxsh tashabbuslarni oʻzida jamlagan Murojaatnoma eʼlon qilindi.
2020-yil agarda biz mardona birlashsak, toʻgʻri tadbir qilsak, yechilmaydigan muammo yoʻqligini yana bir bor koʻrsatdi. Prezidentimiz bu gʻalabalar qanday tashkil qilinganini batafsil, samimiy soʻzlab berdi. Xullas, xalqimiz yangi 2021-yilni davlatimiz rahbari Murojaatnomasidan olgan gʻurur, ishonch va shukronalar bilan kutib oldi.
Oʻzbekiston oʻz xalqini koronavirusdan himoya qilishda dunyo davlatlari orasida yuqori baho oldi. Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Zudlik bilan 30 ming oʻrinli davolash maskanlari tashkil etildi. Dori-darmon, eng zamonaviy diagnostika uskunalari bilan taʼminlandi. 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar koronavirusga qarshi jangga kirdi.
Xorijdagi 600 mingdan ortiq vatandosh yurtimizga olib kelindi. Vatan oʻz farzandlarini gʻurbatda gʻarib qilib qoʻymadi, bagʻriga bosdi.
Oʻtgan kunlar
Bularni bugun eslash — faxrli, maroqli. Lekin oʻsha — butun dunyo sarosimaga tushgan, muammo bilan yuzma-yuz turgan, nima qilishni bilmay qolgan bahor-yoz, kuzni eslaylik. Vahima, “Endi nima boʻladi?”, degan qoʻrquvli, talvasali kunlar. Oʻshanda eng toʻgʻri qarorlar, tadbirlar qabul qilish kerak edi. Shunday boʻldi. Mana, yil oxirida koronavirus bemorlarini davolash uchun qurilgan kasalxonalarimiz boʻshab qoldi. Buning shukronasini koʻrib, indamasak, gunoh boʻladi. Bilib turib aytmasak, noshukrlik boʻladi.
2020-yilda koronavirusga qoʻshilib, Buxoro, Sardobada tabiiy va texnogen ofatlar roʻy berdi. Ular ham daf etildi. Birgina “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini eslaylik. Xotiramizda teleekranlarda Sardobaga ketayotgan yuzlab yuk avtomobillari, qoʻlidagi narsasining yarmini sardobalik tengdoshiga ilingan bolakay, qizaloqlar turibdi. Talabalarni tekin eltib qoʻyayotgan taksichilar. Vatandoshim-ku, deb sotadigan qimmat molini arzonga sotgan insofli tadbirkorlarimiz, qoʻllari duoga koʻtarilgan ota-onalar keladi. Mana shu emasmi, xalqning birlashuvi.
Prezidentimiz shu bois, karantin talablarini toʻgʻri qabul qilib, ularga amal qilgan, sabr-toqatli, olijanob xalqimizga, oʻta xatarli vaziyatda oʻzini ayamasdan mardona mehnat qilgan jonkuyar shifokorlarga, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida munosib ishtirok etgan barcha tadbirkor va fuqarolarimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. Shu satrlarni yoza turib, bir oʻy keldi: menimcha, 2020-yil sinovlari, ofatlar, ular ustidan qozongan gʻalabamiz haqida “2020-yil”, degan bir xotira kitob yozilsa, ayni muddao boʻlardi. Bu kitob 50, 100, 500-yildan keyin ham bizning bu balo-qazolarga qarshi kurashda qanday birlashganimiz, gʻalabamiz haqida avlodlarga soʻzlab beradi.
Toʻrt qatorda besh zavod
2020-yilda koʻp davlatlar koronavirusga qarshi kurashib, iqtisodiy oʻsishdan toʻxtab turdi. Bizning esa bir qoʻlimiz kurashdi, bir qoʻlimiz rivojlanish uchun ishladi. Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi taʼkidlab, baralla aytdi. Dunyoning sanoqli davlatlari 2020-yilda ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab qoldi. Oʻzbekiston ana shu sanoqli davlatlar ichida ekanligi bizga gʻurur beradi. Murojaatnomada 2020-yilda respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va oʻrta korxonalar hamda infratuzilma obyektlari barpo etilgani, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Shoʻrtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik quvvatlar ishga tushirilgani aytildi.
Eʼtibor bering. Murojaatnomaning mana shu toʻrt qator matnida beshta ulkan zavod, korxonaning nomlari tilga olingan. Ularning bittasini qurish osonmi? Toshkent metallurgiya zavodi kabi qudratli korxona ilgari necha yilda qurilgan? Biz, sobiq Ittifoq davrini koʻrgan avlod buni yaxshi bilamiz. Shunday korxona mabodo qurilsa ham, buni Sovet Sharqining afsonaviy yutugʻi, deyilar edi.
Yillab, kecha-kunduz targʻib qilinardi. Bugun-chi? Bugun mana shunday gigant korxona bir yillik(!) ishlarimizning kichkina bir parchasi boʻlib qoldi. Bu nimani koʻrsatadi? Bu minglab yurtdoshimiz ishlaydigan gigant korxonalarni qurish biz uchun oddiy ishga aylanib qolganini, Oʻzbekistonning 2020-yildagi qudrati koʻlamini, birligimizni koʻrsatmaydimi?
Yaqinda Toshkentda 2 ta yangi metro stansiyasi quriladi, yer usti metrosi boʻladi, deyilganda, bu bizga afsonadek, “yoʻgʻ-e!”, deb yuborgan edik. Bugun metro vagonlari oynasidan tashqariga qarab, yerning goh ostiga tushib, goh ustiga chiqib, shularni oʻylayapmiz. “Boʻlar ekan-ku”, deb shukrona qilib ketyapmiz...
Kambagʻallik bilan olishuv
Kambagʻallik azaldan butun dunyoda boʻlganidek, bizda ham bor edi. Biroq uning nomi aytilmas, yumshoq qilib, xaspoʻshlab kelinar edi. Prezidentimiz Oʻzbekistonda kambagʻallik borligini mardona, ochiq aytdi. Barchamizni kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan kurashga chorladi. Shu maʼnoda, 2020-yil xotiramizda Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash boshlangan yil boʻlib qoladi.
Kurash ilm, aniqlik asosiga qurildi. Buning uchun har bir mahallada kambagʻal oilalar, ayollar, yoshlar, shaxslar bilan manzilli ishlash boʻyicha “Temir daftar”lar tutildi. Qisqa vaqt ichida bu yangi tizim 527 ming vatandoshimizni kambagʻallik changalidan ozod qildi. Ularga ish — rizq-roʻz berdi. Ular 2020-yilni kambagʻal boʻlib kutib olgan edi, mamnun, rozi boʻlib kuzatdi.
Kambagʻallik “Temir daftar”lar boʻshab, roʻyxatga kiritishga odam topilmay qolgan, hamma oʻz ishiga, daromadiga ega boʻlgan kuni tugaydi. Chunki kambagʻallikning asosiy sababi — odamning qoʻlidan biror ish kelmasligida, undagi inson kapitalining nochorligida. Inson kapitali, bu — odamga oʻzining turli ehtiyojlarini qondirishi uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma, malakalar yigʻindisi. Agar odamning bilim, koʻnikma va malakalari ish beruvchiga kerak boʻlsa yoki oʻzini-oʻzi band qilishga yetarli boʻlsa, u ishsiz qolmaydi. Kambagʻal boʻlmaydi. Insonning bilim, koʻnikma va malakasi yoʻqligi uni mehnat bozorida kasod qiladi.
Tahlillar nimani koʻrsatmoqda?
Ijtimoiy-pedagogik tahlillar Oʻzbekistonda kambagʻallik borgan sari kamayishini koʻrsatmoqda. Chunki inson kapitalini, avvalo, oila, bolalar bogʻchasi, maktab boyitadi. Buning asoslari Murojaatnomada bor. Yaʼni kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetgan, bogʻchalar soni 3 barobarga koʻpayib, 14 mingdan oshgan. Bu bogʻchalardan — maktablarga, maktablardan — oliy oʻquv yurtlari yoki korxonalarga kirib keladigan oʻgʻil-qizlarimizning inson kapitali hozirgiga qaraganda bir necha karra ziyod boʻladi, degani emasmi?! Shuning uchun Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanadi, degan hikmat aytildi. 2020-yil oliy taʼlimga qabul parametrlari 2016-yilga nisbatan 2,5 barobarga oʻsdi, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.
Ayniqsa, ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy oʻquv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilingani kelajakda oilalarning inson kapitalini oshirishga xizmat qiladi. Oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga koʻpayib, 2 mingtaga yetadi. Aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.
Bu nimaga olib keladi? Asta-sekin “Temir daftar”lar boʻshab qoladi. Chunki yoshlarimiz “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi” asosida kompetentli va fazilatli boʻlib yetishadi. Ular maktab ostonasidan mustaqil, yaʼni oʻz hayotini birovdan yordam soʻramay, oʻz aqli va fazilatlariga tayanib qurishni oʻrganib chiqadilar.
Yangicha yashash
Prezidentimiz “2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz, azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida keng bayram qilamiz”, dedi. Bu gʻoyada katta daʼvat va maʼno bor. Bu daʼvat bizni sifat jihatdan oʻzgargan, oʻzgarayotgan Vatanda — Yangi Oʻzbekistonda, yangicha yashashga chorlamoqda. Bizni qanday hayot kutyapti? Erkin va farovon yashash. Ziyrak kishilar bu gʻoya magʻzidagi “Biz Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaymiz”, degan kuchli ishonch borligini sezib turibdi.
Murojaatnomada bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik — bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilayotgani tanqid qilindi. Bugun biror soha, hudud, tarmoq zamonaviy ilm va bilimlarsiz rivojlanmaydi. Ilmiy asosga tayanish sharofati qanday boʻlishini taraqqiy etgan mamlakatlar yaqqol koʻrsatdi. Ularda yalpi ichki mahsulotning 50 foizidan ortigʻi “bilimlar iqtisodiyoti” hisobidan, yaʼni innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tomonidan yaratilayotir. Bu buyuk Imom Buxoriyning biz — avlodlariga aytgan “Ilmsiz najot yoʻq va boʻlmagʻay”, degan oʻgitini yaqqol isbotlamoqda.
Sivilizatsiyaning otalari
Murojaatnomada avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozimligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston zamini nafaqat shirin-shakar meva, noz-neʼmatlarni, balki buyuk allomalarni yetishtiruvchi zamin.
Bugungi Oʻzbekiston insoniyatga sivilizatsiyaning otalarini bergan zamin. Buxoriy, Xorazmiy, Samarqandiy, Margʻinoniy, Nasafiy, Fargʻoniy oʻzlari tugʻilgan shaharlari nomini ismlariga nisba qilib, jahon kezdilar. Vatanimiz nomini boshlari uzra koʻtarib, ilm oʻrgatib, oʻlmas sharaf topdilar. Ular tugʻilgan shaharlar — Buxoro, Xorazm, Samarqand, Margʻilon, Nasaf, Fargʻona... Prezidentimiz ana shu sharafli silsilani davom ettirish tashabbusini koʻtardi. Buning uchun “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, dedi.
Bu fikrning tagida chuqur asos bor. Yaʼni “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshiriladi. Buning uchun yosh avlodga bogʻcha, maktab va oliygohda sifatli taʼlim-tarbiya beriladi, ularning maktab ostonasidan jismoniy va maʼnan sogʻlom, vatanparvar shaxslar boʻlib chiqishlari uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinadi.
Yil nomidagi hikmat
“2021-yil — Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ning nomida Uchinchi Renessans poydevorini yaratishning kodi, paroli bor. Murojaatnomada yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltirishi aytildi. Bu sarmoya dadil kiritilmoqda. Buning natijasida yoshlarimiz zamonaviy bilim va tajriba, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatli insonlar boʻlib voyaga yetadi.
Ularning inson kapitali boy boʻladi. Yaʼni ularga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlar oʻrgatiladi. Tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik, tashabbuskorlik fazilatlari shakllantirilib, ish va uy-joy bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Boshqacha qilib aytganda, bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishga oʻrgatadigan va yordam beradigan uzluksiz tizim yaratiladi.
“Avlodlar mojarosi”
Gʻarbda “avlodlar mojarosi”, degan ijtimoiy muammo, maʼnaviy kasallik bor. Bu — avlodlarning oʻzaro begonalashuvi, yoshlarning keksalarga hurmatsizligi va keksalarning yoshlarni yomon koʻrishi, ulardan noroziligida namoyon boʻladi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida ana shu muammoning oldini olish, aksincha, ajdodlar va avlodlarni bir-biriga ustoz-shogird qilib qoʻyuvchi bunyodkor yoʻl koʻrsatib berildi: “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz”.
Bu tashabbus buyuk milliy tajribamizni toʻplash, saqlash, boyitish va qadriga yetishga chorlashi bilan ham qadrlidir. Katta avlodning har bir vakili oʻzidan oldingilardan bilgan, eshitgan, qoʻllagan ish tajribalarini ustoz boʻlib, yoshlarga beradi. Yoshlar shogird boʻlib, bu bilim va tajribani modernizatsiyalab, zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan yuksaltiradi. Bu inson kapitalini boyitadi. Bu kapital yoshlarning gʻayrat va joʻshqin fazilatlaridan kuch olib, bizni Uchinchi Renessansga olib chiqadi.
Motivatsiya
Murojaatnomada aholining kambagʻallikka tushib qolgan qismini kambagʻallikdan chiqarishning oddiy va samarali, amaliy mexanizmi taklif etildi. Unga koʻra, “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha “motivatsiya, koʻnikma va moliyaviy koʻmak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.
Mexanizmning eng muhim yangiligi nimada? U kambagʻal kishiga uch karra yordam beradi. Birinchisi va eng muhimi, bu — motivatsiya. Niyat, istak, qaror, iroda, bilim beradi. Ikkinchisi — koʻnikma, yaʼni kasb, ish oʻrgatish, hunarsiz qoʻllarni hunarli qoʻllarga aylantirish. Uchinchisi — sarmoya, moliyaviy yordam. Murojaatnomada odamni kambagʻallikdan chiqaruvchi eng muhim omil bu — uning intilishi, oʻz kuchiga tayanib, aniq maqsad sari harakati boʻlishi kerakligi uqtirildi.
Murojaatnomaning yakuniy tushunchasi
Prezidentimiz Murojaatnomasi xalqimizga kuch berayotgan bebaho maʼnaviy, gʻoyaviy manba — ishonch mavzusi bilan yakunlandi. Darhaqiqat, 2020-yil bizning oʻz kuch va imkoniyatlarimizga ishonchimiz qiyin sinovlarni yengib oʻtishda birlashtirdi. Yanada kuchli va mustahkam qildi. Bunda har birimiz ishtirok etdik va koʻrdik. Bu buyuk ishonch 2021-yilda yana-da kuchayib, buyuk xalq harakati tobora kengayib boradi.
Shunday ekan, har birimiz Prezidentimiz Murojaatnomasidagi ezgu niyatni chin qalbdan aytamiz: “Barchamizga ana shu ulugʻ safda boshqalarga ibrat va namuna boʻlish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin!”.
Muhammadjon QURONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari