Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida erkak 13 yoshli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisini zoʼrlab, homilador qilib qoʼygani haqida xabar tarqaldi. Oliy sud matbuot xizmati mazkur jinoyat ishi tuman sudida koʼrib chiqilishini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Jinoyat kodeksining 129-moddasi (oʼn olti yoshga toʼlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi va 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilayotgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan K. T. (1971 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʼilgan, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan) ga oid jinoyat ishini koʼrib chiqish jinoyat ishlari boʼyicha Chiroqchi tuman sudida 7 aprelь kuni boshlanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʼrilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida koʼrib chiqilishi maʼlum qilinadi.
Qoʼshimcha maʼlumot sud jarayoni yakuni boʼyicha beriladi.