2021-yilning avgust oyi edi. Atrofda pishiqchilik, husayni uzumlar gʻarq pishgan vaqt. Teleekranda Prezidentimizning poytaxtimizda joylashgan 21-sonli mehribonlik uyiga tashrifi koʻrsatilayotgan edi. Mazkur tashrifi bilan davlatimiz rahbari barchamizning diqqat-eʼtiborini yurtimizdagi mehribonlik uylariga qaratdi, shaxsan oʻzi yuksak insoniylik fazilatini namoyon qildi. Mashoyixlarning “Bolaning begonasi boʻlmaydi” degan gaplari mohiyatini shu kuni chuqur anglab yetgandek edim.

Koʻrsatuvdan taʼsirlanganim holda, qalbimda ezgu bir niyat paydo boʻldi. Oʻsha maqsad meni mahallamizda joylashgan Mehribonlik uyi sari yetakladi. Shu paytgacha uning oldidan bir necha bor oʻtganman, lekin hech qachon Mehribonlik uyining ichkarisiga kirmagan edim. Oʻzimning ham ikki nafar farzandim bor, ularni bir muddat koʻrmasam va ular ham meni bir muddat koʻrmasalar dunyo koʻzimizga tor boʻlib ketadi. Prezidentimizning koʻngli oʻksik bolajonlar bilan dillashgani, ularga qarata otalarcha aytgan samimiy soʻzlaridan keyin oʻylanib qoldim, toʻgʻrisi. Chindan ham bu yerda ota-onasiz yashayotgan bolalar mehrni qayerdan oladi?

Mehribonlik uyining panjarali darvozasidan kirishim bilan bolalarning ovozi eshitildi. Hovli sport mashgʻulotlari tufayli oʻgʻil-qizlar bilan gavjum edi. Hammasi oʻzi bilan oʻzi ovora, baqir-chaqir qilib oʻynab yurishibdi. Ularning kiyim-kechagiyu rang-roʻyiga eʼtibor berdim. Hammasi joyida. Bolalarning ikki yuzi qip-qizil, tanalari tetikligidan sogʻlom ekanliklari koʻrinib turibdi. Yuzlarida tabassum boʻlsa-da, koʻzlaridagi cheksiz mung yana koʻnglimni gʻash qildi. Eng achinarlisi, bu yerda chin yetimlargina emas, koʻproq ota-onasi bor bolalar yashar ekan. Bu ona sifatida menga juda qattiq taʼsir qilgan ekan, oʻylasam.

Endi oʻzimni boshqacha — tushkun his qila boshladim. Davlatimiz tomonidan bu begʻubor bolajonlarga hamma narsa muhayyo qilib qoʻyilgan boʻlsa-da, ularga maʼnaviy ozuqa, ruhiy dalda, koʻtarinkilik kerakligini Prezidentimiz bejiz aytmaganini anglab yetdim. Ayni oʻsha gaplardan soʻng bu yerda yashayotgan qizlarga oʻz hunarimni oʻrgatish maqsadida kelgan edim, aslida. Bilmayman, menga nima boʻldi? Oʻsha paytdagi holatimni soʻz bilan tasvirlay olmayman. Saldan soʻng oʻzimga keldim. Yuragimning tub-tubidan allanechuk mehr uygʻondi. Qizlarga beminnat hunar oʻrgatishga chin dildan, qatʼiy qaror qildim.

Mehribonlik uyi derektori oʻrinbosari mayor Inomjon Davlatov tashabbusimni qoʻllab-quvvatlab, qizlarning roʻyxatini shakllantirib berdi. Oʻsha kundan boshlab qizlarga hunar oʻrgatishni boshladim. Hech qancha oʻtmay, universitetimiz boshligʻi M.Rustambayevning taklifi bilan bu harakatimiz “Mohir qoʻllar” toʻgaragiga aylanib ketdi. Qizlar mashgʻulotlarga zoʻr ishtiyoq bilan qatnashib, sunʼiy gullar yasashning sir-asrorlarini tirishqoqlik bilan oʻrgana boshladilar.

Dastlab 10 nafar aʼzo bilan ish boshlagan toʻgaragimizda bugun 20 ga yaqin qiz gul yasashdek nafis sanʼat, ajoyib hunar sirlarini puxta oʻzlashtirishmoqda. Ularning ilk yasagan gullariga qarab zavqlanishlarini koʻrsangiz edi... Qoʻl mehnatlaridan paydo boʻlgan moʻjiza — sunʼiy gullar oʻksik koʻngillarni togʻdek koʻtarganidan oʻzimning ham boshim koʻkka yetdi. Hozirda ishlarimiz avjida. Gullarimizning oʻziga yarasha xaridorlari bor.

Bundan ruhlangan qizlar hunar oʻrganishga yanada zoʻr berishyapti. Toʻgarak faoliyatini toʻlaqonli tashkil etishimizda universitetimizning koʻplab kafedralari begʻaraz yordamlarini ayamadilar. Qizlarning yutuqlarini koʻrib, oʻz farzandi yutuqlaridan sevingan onadek mehrim joʻshib ketadi. Oz boʻlsa-da, ularga mehr berayotganim, qizlarni hunarga jalb etayoganim uchun avvalo Prezidentimiz, qolaversa, universitetimiz rahbariyatiga cheksiz minnatdorlik bildiraman.

Va shu oʻrinda buyuk bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi oʻlmas misralarini eslashni joiz topdim.

Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borki, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay.

Hilola Toirova,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti

Tillarni oʻrganish kafedrasi kabinet mudiri