Bugun Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida A. M. (1979-yilda Nukus shahrida tugʻilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan) va A. Q. (1984-yilda Yangiariq tumanida tugʻilgan, Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan) ga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 3-noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentyabrdagi hukmining A. M. va A. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. M. va A. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qoʻllanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, A. M. va A. Q. sud zalidan qamoqqa olindi.
Bugun soat 16.00 da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy shohkoʻchasi, 30 uy) Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan hukm yuzasidan brifing oʻtkaziladi.