Men davlatimizning e'tibori va g'amxo'rligiga tayandim

    E'tibor insonni hayotga bo'lgan qiziqishini oshiradi, yaxshi yashashga, maqsad sari undaydi. Ayniqsa, yuqori tashkilotlar rahbarlarining oldingizga kelib, hol-ahvol so'rashi ko'nglingizni ko'tararkan.

    Oilasi tinch, turmushi obod, farzandlari sog'lom ulg'ayayotgan, sevgan kasbi yoki hunari bilan shug'ullanib oilada, jamiyatda o'z o'rnini topgan har bir ayol, nazarimda, baxtliman, deb bemalol ayta oladi.

    Ammo taqdir hammani ham shunday ne'matlar bilan siylayvermaydi. Men ham orzulari osmon bir qiz edim. Katta oilada voyaga etdim. Otam haydovchi, onam 10 farzandning tashvishu quvonchi bilan andarmon, hayotini bizga bag'ishlagan mushfiq bir ayol edi. Ular olamdan o'tib ketishdi. Butunligim, bunyodligim ota-onam bag'rida yashagan kunlarimda ekan.

    Turmushga chiqqach, buni yanada chuqurroq his qildim. Taqdir ekan, ikkinchi farzandim tug'ilganidan so'ng turmush o'rtog'im bilan ajrashdik. O'shanda farzandlarim 2-4 yosh atrofida edi. Bunga ham, mana, 18 yil bo'libdi. Hozir katta o'g'lim Ravshanbek 21 yoshda. Qanotimga kirib qolgan. Kichigi Asilbek 19 yoshda, u nogiron. Oyoq-qo'li ishlamaydi. O'g'limni davolatish uchun juda katta mablag' kerak. Bunga qurbim etmas, moddiy qiyinchiliklar o'zimning, farzandlarimning hayoti, salomatligi, ruhiyatida iz qoldirayotgandi.

    Taqdir sinovlarini engib o'tish, ikki farzandni tarbiyalash, birovdan kam qilmaslik uchun mehnat bilan do'st tutindim. Goho paxta terdim, ba'zan oshxonada idish yuvdim. Ammo topganim urvoq ham bo'lmasdi. Shundan so'ng 2013 yilda xorijga ishlagani ketdim. Chetda ishlashni hech kim orzu ham, havas ham qilmasin. Chunki hech qaer vataningga etmaydi. Hamma o'zga yurtda majburlikdan ishlaydi. Musofirlikning azobi yashirin bo'ladi, deyishadi. Oilamdan uzoqda uyni, farzandlarimni sog'inmagan kunim, soatim bo'lmadi. Ammo bir ona sifatida ularni bekamu ko'st katta qilishga burchliman.

    Chet elda yurganimda farzandlarimga yangam qarardi. Bolalar ayni e'tiborga, mehrga muhtoj paytida ularning yonida emasligimdan o'kinardim. Ayniqsa, alohida parvarishga muhtoj Asilbekning ahvoli qanday ekan, degan o'y xayolimdan ketmasdi. Hammaning o'z hayoti, o'ziga yarasha muammo va tashvishlari bor. Nogiron farzand parvarishi b a'zan onaning o'ziga mushkullik tug'diradi, unga boshqa inson qanday qaray olsin?

    Shu tariqa yillar o'tdi. Topgan pulim betob o'g'limni davolatish va ancha ta'mirtalab bo'lib qolgan uyimni epaqaga keltirishga sarflandi. SHu yil o'g'limning ahvoli yomonlashdi. Men “etar shuncha sarson-sargardonchilik, yurtga, oilam, farzandlarim yoniga qaytishim zarur”, degan xulosaga keldim. Uyga qaytgach, birinchi qilgan ishim bemor bolamni davolatish bo'ldi. O'g'limning ahvoli hozir ancha yaxshi.

    Mana, qaytganimga ham 5 oyga yaqin vaqt bo'ldi. YUrtda katta o'zgarishlar, yangiliklarni ko'rib, ko'nglim xotirjam bo'ladi. Mahallalar obod bo'lyapti. Hokimiyat vakillari xonadonma-xonadon kirib, aholidan xabar olib turibdi. Boquvchisiz oilalarga yordam qilinmoqda. Hech kim qarovsiz, e'tiborsiz qolmayapti.

    E'tibor insonni hayotga bo'lgan qiziqishini oshiradi, yaxshi yashashga, maqsad sari undaydi. Ayniqsa, yuqori tashkilotlar rahbarlarining oldingizga kelib, hol-ahvol so'rashi ko'nglingizni ko'tararkan. Hokimiyat vakillari eshik qoqib uyga kelishganida: “Men ham shu yurtga kerak ekanman-da”, degan o'y o'tdi xayolimdan. Sharoitimni o'rganishgach, “Temir daftar”ga kiritishdi. Kredit olishimga ko'mak berishdi. Bankdan olgan 20 million kreditga o'zim yiqqan sarmoyani qo'shib, tadbirkorlikni boshladim. Mahallamizdagi ikki qiz menga ko'makdosh bo'ldi. Muzlatkich, gaz plita xarid qildim. Qatlama patir, turli shirinliklar tayyorlab, sotuvga chiqardim.

    Erta tongda quyosh zarrin nurlarini yoyishga ulgurmagan bir paytda issiq qatlama patir va shirinliklarni bozorga, mahallamiz yaqinida qad rostlagan katta-katta do'konlarga olib chiqaman. Mahsulotimiz tez orada barchaga manzur bo'lib, daromad keltira boshladi.

    Tumanimizdagi oziq-ovqat do'konlarining ko'pi biz tayyorlaydigan mahsulotlarga qiziqmoqda. Shu sabab kelgusida ishimni kengaytirib, farzandlarim orzusini ro'yobga chiqarmoqchiman. Ayniqsa, nogiron bolamni sayohatga olib chiqsam, unga Samarqandu Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ko'rsatsam, deyman.

    Avvalroq “o'zga yurtda ishlab, to'plagan ozgina mablag'im ham sarflanib boryapti, endi buyog'iga qanday yashayman”, degan og'ir o'y elkamdan bosib turardi. Bugun hammasi o'zgardi. Bunga davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlar sabab bo'ldi. Insonga aql va iroda bilan birga ishonch va e'tibor ham zarur ekan. Men ana shu e'tibordan o'sdim, shu yaxshilikka tayandim. Yurtimizdagi o'zgarishlarni ko'rib qaddimni tiklashim, moliyaviy ahvolimni o'ngl ashim lozimligini angladim va farzandlarim bag'rimda, munosib hayot kechirishim mumkinligini his qildim.

    Zuhra Egamberdieva,

    G'uzor tumanidagi “Obod” mahallasi