Muhtaram Prezident!
Men shu yoshimgacha hech qayerga, hech kimga maktub yozgan, murojaat qilgan emasman. Biroq qalbimni toʻlqinlantirgan bir holat meni ushbu nomani yozishga undadi.
Oʻzim Surxondaryoning olis qishloqlaridan birida yashayman. Turmushga chiqqanman, ikki nafar tugʻma nogiron farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim tirikchilik tashvishida poytaxtga ketgan. Mavsumiy ishlarda ishlab, yeb-ichishimizgagina yetadigan pul joʻnatadi. Men esa ishsizman. Bolalarimning sogʻligʻi muqim bir joyda ishlashimga imkon bermaydi.
Ota-onam qarib qolgan, jigarlarim ham oʻz hayoti bilan andarmon. Shu paytgacha hech bir hujjatsiz, xom gʻishtdan koʻtarilgan, odam uy deyishga ham iymanadigan kulbada yashab keldik. Qoʻlimiz kaltaligi sabab, hatto, devorlarni ham suvoqdan chiqarolmagan edik.
Bu yil qishdan norasidalarimni uydagi bor yopinchiqqa oʻrab olib chiqdim. Dilporalarim, jonimning bir boʻlagi. Ularning ahvoli, koʻzimga moʻltirab tikilishlari, oʻzimning chorasizligimdan ezilib, necha tunlarni tongga ulaganimni, faqat Oʻzigagina yolvorganimni Yaratgan biladi.
Dunyoda bolalarining oldida chorasiz qolishdan ogʻir dard yoʻq ekan. Men buni ich-ichimdan his etdim. Dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib, qaysi ostonaga, kimning poyiga bosh urishimni bilmay yurgan kunlarimda mahalladan meni roʻyxatga olib ketishdi. Keyin bilsam, “Ayollar daftari”ga kiritilibman.
Koʻp oʻtmay poytaxtdan komissiya keldi, sharoitimni oʻrgandi. Ochiq aytaman, oʻshanda ham men hech narsaga tushunmagan, toʻgʻrisi, ishonmaganman. Biroq ishlar tezlashdi. Boshpanamizni hamma havas qiladigan darajada qayta qurib, buning ustiga, barcha jihozlari bilan qoʻlimga topshirishdi. Va aytishdiki, bu uy bolalaringizga Prezidentimizdan sovgʻa...
Oʻsha mahal beixtiyor koʻzimga yosh keldi. Yoʻq, yoʻq... Bu xoʻrlik emas, roʻshnolik yoshlari edi. Olis bir qishloqda, goʻyo hech kimga keraksizday, oʻz dardiga oʻzi qovrilib yashayotgan bir ayolning dil tubidan chiqqan koʻz yoshlari. Men ortimda meni, farzandlarimni oʻylayotgan, biz uchun ichi achishib qaygʻuradigan, boshimizni silaydigan odam borligidan koʻnglimda gʻurur tuydim, egilgan boshim koʻtarildi.
Hayotimga oʻzgarish olib kirgan yana bir xabarni aytmasam boʻlmas. Menga yaqinda tikuv mashinasi berishdi. Qoʻlimda hunarim bor.
Endi uyda daromad topish imkoni ham tugʻildi. Endi men ham odamlarga oʻxshab yashayapman. Odamlar havas qiladigan darajada uyim bor. Daromad uchun ishim bor. Farzandlarim yonimda.
Hurmatli Prezident!
Ijozat bersangiz, Sizga bir farzand oʻz otasiga hurmatini izhor etgandek murojaat qilsam. Zotan, Siz menga otam, tugʻishganlarim qilolmagan yaxshilikni, berolmagan mehrni berdingiz. Hayotga, yashashga boʻlgan qarashlarimni oʻzgartirdingiz.
Men endi hecham qoʻrqmay, siqilmay yashayman. Bilamanki, men tashlab qoʻyilmaganman, ortimizda Sizdek suyanchimiz va mehribonimiz bor.
Barchasi uchun tashakkurimni qabul qiling, muhtaram Yurtboshim!
Cheksiz minnatdorlik bilan, qizingiz
Nasiba ATAMURODOVA
Surxondaryo viloyati,
Oltinsoy tumani, “Shakar qamish”
mahalla fuqarolar yigʻini