Umumtaʼlim maktablarida maʼnaviy muhitni yaxshilash, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini unumli tashkil etish, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, turli tadbirlar oʻtkazish bugunning eng muhim vazifalaridan biri boʻlib qoldi.

Shu maʼnoda Yunusobod tumanidagi 302-maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish borasidagi ishlar tizimli olib borilmoqda. Xususan, “Maʼnaviyat kuni”da maktabda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinayotgani fikrimiz dalilidir.

Kuni kecha Toshkent moliya instituti bilan hamkorlikda 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Men sogʻlom turmush tarzini tanladim” shiori ostida sportning kurash turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Tadbirga Toshkent Moliya instituti kafedra mudiri B Utanov, Statistika va ekonomika kafedrasi dotsenti A Jumayev, Jismoniy madaniyat kafedrasi oʻqituvchisi A. Yuldashev tashrif buyurdi.

Ishtirokchilar qizgʻin bellashdilar. Musobaqada 1-oʻrinni 10 “D” sinf oʻkuvchisi Mirsamir Miryaqubov, 2-oʻrinni 11 “ Ye” sinf oʻquvchisi Javohir Abduvaliyev, 3-oʻrinni 11 “ Ye” sinf oʻquvchisi Miradham Mirsaidov egalladi. Gʻoliblar mehmonlar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Musobaqa oʻquvchilarda iliq taasurot qoldirdi.

Oʻylaymizki, oliygohlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bu kabi sport tadbirlari yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Navroʻz Qadamov,

maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi