Nukusda metan "zapravka" salkam 4 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

    Qoraqalpog‘iston Respublikasida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

    Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya”, Bosh prokuratura, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda Nukus tumanida joylashgan “Max Gaz Servis” MCHJning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

    Xususan, MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan gaz sarfini o‘lchash kompleksiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi.

    Mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3 milliard 854 million 433 ming so‘m (3 million 854 ming 433 metr kub)ni tashkil etgan.

    Ma’lumot uchun: ushbu hajmdagi tabiiy gaz 19 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

    Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.