Metro bekatidagi tirbandlik maqsad chindan ham yoʻlovchilarga qulaylik yaratishmi yoki…

    Fikr 25 Iyul 2021 1620

    Garchi kimdir ishga, kimdir oʻqishga shoshilayotgan boʻlsada, ertalabdan kayfiyatini buzishni istamaydi. Shu bois itoatkorona turnaqator boʻlib navbatga qoʻshiladi. Ammo asabi chatoqlar ham uchrab turadi.

    — Hoy, baraka topkur singlim, siz nega navbatda turmay oldinga suqilayapsiz? — deb bir ayol baqiradi.

    Chiptani navbatsiz olmoqchi boʻlgan qiz ham boʻsh kelmaydi:

    Metro bekatining chiptaxonasi qarshisidagi yoʻlovchilar “insofni har kimning oʻziga bersin” qabilida qarab qoʻyishadi. Karantin cheklovlari bekor qilinmaganini ayrim yoʻlovchilarning tibbiy niqob taqib olganidan ham bilish mumkin, lekin chipta olishga navbatda turganda ijtimoiy masofani saqlab boʻlmasligi ham shundoqqina koʻrinib turibdi. Shunga qaramasdan koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi mumkinligini hech kim oʻylagani yoʻq, hamma boradigan manziliga tezroq yetib olish payida. Chipta sotuvchi ikki qizni ham ayblab boʻlmaydi. Ularning qoʻli-qoʻliga tegmayapti, lekin yoʻlovchilarning koʻpligidan ulgurishmayapti.

    Nimayam derdik, bizga zamondan orqada qolmaylik, bu yangilik deb tiqishtirilayotgan tartib-qoidalarning baʼzilari odamlarga qulaylik tugʻdirmas ekan. Mana bunga bir misol: metro bekatiga kirishga urinayotgan yoʻlovchilarning oyogʻiga bir marta ishlatiladigan toʻrt enlik qogʻoz chiptalar tushov boʻlib turibdi. Yagona transport kartalarining afzalligini esa hali koʻpchilik tushunib yetganicha yoʻq, shu bois uzun nav­batda turib, qogʻoz chipta olishga majbur boʻlyapti.

    Agar isteʼmolchi doim haq tamoyiliga rioya etilsa, transport xizmati koʻrsatilishida ham yoʻlovchining manfaati ustun boʻlishi kerak. Bundan tashqari, yoshiga koʻra odamlar turli guruhlarga boʻlinishi va jamoat transportiga chipta olishning murakkablashtirilishi maʼlum guruhga qiyinchilik tugʻdirishi mumkinligini ham unutmaslik zarur. Yagona transport kartalarini qoʻya turaylik, qogʻoz chipta oʻngʻaysizligidan uni turniket ustiga toʻgʻri qoʻya bilish koʻp vaqtni olyapti. Baʼzan metro xodimidan koʻmak soʻraymiz. “Buni kim oʻylab chiqardi, vaqtni olyaptiku”, deb noroziligimizni bildirsak, oʻsha xodimning ensasi qotadi: “Men qayerdan bilaman, tepadagilar biladida…”

    “Amir Temur xiyoboni” bekatidagi shiftga osigʻliq katta ekranda namoyish etilayotgan videolavhaga eʼtibor qaratsangiz, karantin qoidalariga rioya qilish targʻib etilayotganiga guvoh boʻlasiz. Ammo… bundan metropoliten maʼmuriyati uchun yoʻlovchilarni koronavirusdan himoya qilish birinchi oʻrindagi vazifa ekan, deb xulosa chiqarishga shoshilmang. Negaki, ekrandagi targʻibot-tashviqotga bekatdagi haqiqiy holat umuman mos kelmaydi.

    Shu bekatdan chiqayotganimda kirish joyidagi turniket yonida bola yetaklagan ayollar, sumka koʻtargan talaba yigit-qizlar, bir soʻz bilan aytganda, tumonat odam toʻplanib qolganini koʻrib, avvaliga biron koʻngilsiz hodisa roʻy berdimi, degan xayolga bordim. Keyin gap nimadaligini tushunib yetdim. Yoʻlovchilar koʻpligidan chipta sotib, ularni turniketdan oʻtkazib yuborishga ulgura olishmayotgan ekan.

    Xabaringiz bor, 2020-yil 1-noyabrdan boshlab metropoliten kassalarida jeton sotilishi toʻxtatilgach, uning oʻrnini qogʻoz chipta egalladi.

    Har bir sohada yangilik joriy etilgani yaxshi, lekin, ochigʻini aytganda, bizga metroda jeton qulay edi. Istagancha sotib olib qoʻyardik. Keyin met­roga tushmoqchi boʻlsak, kassa yoniga borib turmasdik. Turniketdan oʻtish uchun navbat ham kutmasdik. Qogʻoz chipta olish uchun esa biron joyga borishda ham, qaytishda ham kassaga borishimiz shart boʻlib qoldi. Bu yoʻlovchiga vaqt masalasida qimmatga tushyapti. Ustiga-ustak tiqilinchda karantin qoidalariga amal qilish ham qiyin.

    Darvoqe, bugun metropoliten muammolar girdobida qalqib turibdi: yarim yoʻlda toʻxtab qolgan ham, eshigi ochiq qolgan ham, elektr taʼminotida uzilish boʻlgan ham metro…

    Suyundik Muhammad