Metrologiya nimalarni “o'lchaydi”?

    Qadimda davlatlar orasida urushlarning kelib chiqishiga ba'zan o'lchashlardagi kelishmovchiliklar ham sabab bo'lgan.

    Odam dunyoga keliboq o'lchashlar ob'ektiga aylanadi. Insonlarga yangi jamiyat a'zosining vazni, bo'yi va tana xaroratini bilishi muhim. Keyinchalik odam o'zi o'lchashlarni amalga oshirishni va solishtirishni o'rganadi. Torozi, soat, lineyka, termometr, hisoblagich va boshqa o'lchash vositalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan.

    Qadimda o'lchovlar tahminiy va sodda bo'lgan. O'lchov uchun kishi oyog'i, qo'l barmog'i, tirsagi uzunligidan foydalanilgan. Insoniyat rivojlana borib, ish qurollari va yashash tarzini yanada takomillashtira borgan, yashash va mehnat sharoitlarini qulaylashtirish xarakatida bo'lgan. Moddiy bo'lmagan o'lchovlar bilan ishlash noqulayligi va individualligi tufayli, uni moddiylashtirish yo'llarini axtara borgan. Shu tariqa turli o'lchash birliklari paydo bo'lgan.

    Insoniyat taraqqiyot rivojlanishining ilk davrlaridanok “moddiy” o'lchashlar va o'lchash birliklarining katta ahamiyatini tushunib yetgan. Markaziy Osiyoda ham o'lchovlar va ularning turg'unligini saqlash, o'lchash qoidalariga qat'iy rioya etish masalalariga jiddiy e'tibor berilgan. Aksariyat hollarda buning nazorati eng yuqori amaldorlar tomonidan olib borilgan. Masalan, Islom ta'limotida to'g'ri o'lchash, ya'ni xaridor haqini urib qolmaslik masalalariga juda jiddiy qaralgan. Bu borada xalqimizning manaviyatiga singdirilgan “xaridorning haqqi etti pushtiga uradi” kabi iboralar bu ta'limotning isbotidir.

    Tarixiy yozishmalarda qadimda davlatlar orasida urushlarning kelib chiqishiga ba'zan o'lchashlardagi kelishmovchiliklar ham sabab bo'lgani kabi ma'lumotlar keltirilgan. Vaqt o'tishi bilan savdo-sotiq va o'zaro iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi mobaynida o'lchovlarga aniqlik kiritish, yangilarini hosil qilish, o'zaro solishtirish va qiyoslash usullari shakllanib, o'nlab yangi va mukammalrok o'lchash birliklari hosil bo'la boshlagan. Bu birliklarning o'zaro bog'liqligi masalalari esa tobora muhim ahamiyat kasb eta boshlagan. Shu bois olimlar tomonidan metrik tizim 1875-yil 20-mayda Parijda 20 ta mamlakatlar vakillarining konferentsiyasida qabul qilingan va Metrik Konvensiyasi nomini olgan. Metrik Konvensiya metrologiya bo'yicha ilmiy faoliyat ko'rsatuvchi birinchi xalqaro kelishuv hisoblanadi. Konvensiya metrik etalonlarni saqlash va tekshirish uchun ilmiy muassasa sifatida o'lchovlar va tarozilar xalqaro byurosini ham ta'sis etadi.

    O'rta Osiyoda o'lchovlarning metrik tizimi 1923-yil 18-aprel Turkiston Respublikasi SNK qarori bo'yicha “O'lchovlar va tarozilar to'g'risida Nizom” tasdiqlangan va ichki savdoni yo'lga quyish bo'yicha qo'mita xuzurida o'lchovlar va tarozilarning Turkiston byurosi tuzilgandan so'ng boshlangan.

    Hozirda metrologiya sohasi yanada tez rivojlanmoqda. Chunki sanoatning rivojlanishi, xozirgi zamon talablarining bajarilishi nazorat-o'lchash asboblariga bog'liqdir. Yaqin tarixda O'zbekistonga asosan xomashyo yaratishga asoslangan davlat sifatida qaralar edi, bunga sabab ishlab chikarilgan yalpi ichki maxsulotning 70-80 foizini xomashyo tashkil etgani. Hozir esa xalq xo'jaligi tarkibida xizmat turlari, yuqori qo'shimcha qiymat qo'shilgan sanoat va qishloq xo'jalik mahsulotlari o'rin olgan.

    O'zbekiston Respublikasida yagona o'lchovlar birligini ta'minovchi vakolatli organ etib “O'zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi belgilangan va viloyatlarda jismoniy hamda yuridik shahslarga metrologik ta'minot xizmati institutning xududiy filiallari tomonidan amalga oshiriladi.

    Namangan filialida hozirgi kunda 26 nafar malakali xodim faoliyat ko'rsatmoqda, shu jumladan, 12 nafari davlat qiyoslovchi maqomiga ega, ular tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan korxonalarga va aholiga metrologik xizmat ko'rsatib kelinmoqda, jumladan, 2021-yil davomida jami 42 234 dona o'lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o'tkazildi, 112 ta korxona va tashkilotlarni 813 dona o'lchash vositalari logistik xizmat orqali metrologik tekshiruvdan o'tkazildi.

    Xalqaro standartlar asosida xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, 2021-yil mobaynida 11 nafar xodimlar 7 ta yo'nalish bo'yicha Standartlar institutida malakasini oshirdi hamda 2022-yilda 3 ta yo'nalish (bosim, xarorat va massa) bo'yicha o'lchash vositalarini kalibrlash ishlarini tashkil etish, tasdiqlangan rivojlantirish dasturiga asosan Namangan shahri 100 dan ortiq korxona joylashgan “Yuksalish” sanoat zonasida xalqaro andozalariga muvofiq metrologiya laboratoriyasini qurish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.

    Respublikamizda tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, byurakratik tusiqlar olib tashlanmoqda, turli imtiyozlar berilmoqda va ular muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun hozirgi zamon talablarining bajarilishi, mahsulot va xizmatlar raqobatbardoshligini ta'minlash bevosita nazorat-o'lchash asboblariga bog'liq. Shu sababli, barcha tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ongli ravishda davlatimiz tomonidan belgilangan muddatlarda o'lchash vositalarini davriy tekshiruvdan o'tkazib borishi maqsadga muvofiq, axir bundan ham tadbirkor, ham xaridor manfaatdor.

    Metrologiyaning, ya'ni o'lchashlarning mohiyati, fan-texnikaning rivojlanishida beqiyos bo'lib, xalq xo'jaligi rivojiga imkoniyatlarni ochib bermokda. O'lchash sohasida keng ko'lamda olib borilayotgan ishlar uning fan-texnikadagi, jamiyat xayotidagi o'rni nihoyatda yuqori va uning metrologik ta'minoti bilan belgilanadi. O'lchashlar birligini ta'minlash metrologiyaning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xam o'lchashlar natijasida olingan har qanday o'lchashlar talab etiladigan aniqlikda o'lchash birligini ta'minlashdek talabga javob bersagina uning ahamiyati va foydasi ko'proq bo'ladi.

    Husanboy NISHONOV,

    “O'zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi

    Namangan filiali rahbari