Metroning yer usti yoʻli yoʻnalishidagi poyezdlarning sovitish tizimi ishlamay qoldi

    Metropolitenning “Yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishida harakatlanayotgan harakat tarkiblarining sovitish tizimi bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi.

    Bu haqda Toshkent metropoliteni DUK axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

    Maʼlum boʻlishicha, Metropolitenning “Yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishida harakatlanayotgan harakat tarkiblarining sovitish tizimi bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, kuchaytirilgan tartibda maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh tarkibiga Rossiya Federatsiyasidan ham 15 dan ziyod soha mutaxassislari jalb etilgan.

    Ushbu mutaxassislar tomonidan tizimli taʼmirlash va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

    Hozirgi vaqtda, “Yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishida 10 ta harakat tarkibi harakatlanmoqda va shundan 8 tasi joriy yilda xarid qilingan poyezdlar boʻlib, ularning sovitish tizimi havo harorati +50°C issiqqacha belgilangan norma boʻyicha ishlash imkoniyatiga ega.

    Bundan tashqari, yana boshqa mavjud 2 ta harakat tarkiblari oʻtgan yillar davomida olib kelingan boʻlib, asosan yer osti metro bekatlarida harakatlanishiga moʻljallangan hamda ularning sovitish tizimi esa, harorat +40°C gacha boʻlgan issiqda ishlashga moʻljallangan.

    Shu sababli, jalb etilgan malakali mutaxassislar tomonidan, bu harakat tarkiblarining sovitish tizimlarining uskunalari modernizatsiya qilindi.

    Toshkent metropoliteni DUK axborot xizmati maʼlum qilishicha, yuzaga kelayotgan bu kabi kamchiliklar yaqin kunlar ichida toʻliqligicha bartaraf etiladi.