Quyosh taftiga toʻyinib pishgan meva va sabzavotlarimizga jahon bozorida talab yuqori. Soʻnggi yillarda sohani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham jahon bozoriga chiqish imkonini yaratadi. Biroq hali hal etish lozim boʻlgan masalalar ham yoʻq emas.
Shu oʻrinda aytish kerakki, meva-sabzavotchilik tarmogʻini barqaror rivojlantirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy kapital ishtirokidagi qoʻshma korxonalarni koʻpaytirish zarur. Buning natijasida yangi muqim ishchi oʻrinlari yaratiladi. Jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqish, qayta ishlash quvvatlari yanada kengayadi.
Shu bilan birga mahalliy eksportchilardan meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorga olib chiqishga yuqori kafolat beradigan xorijiy kompaniyalar bilan maqbul sheriklik modelini tanlash zarur.
Eksportni rivojlantirishga bilvosita yoki bevosita toʻsiq boʻlib turgan bir qator muammolarni hal etish lozim, yaʼni: (http://21asr.uz/post/meva-sabzavot-eksportida-qanday-tosiqlar-bor).
Meva-sabzavot eksportini ragʻbatlantirish. Buning uchun, avvalo, mavjud muammolarni (saqlash, qayta ishlash, logistika va boshqalar) bartaraf etish kerak. Hozirgi vaqtda dehqon, fermerlarning qoʻlida koʻp miqdordagi mahsulot qolib ketmoqda. Mahsulotni xorijiy isteʼmolchiga yetkazib berish (sotish) tizimi toʻliq shakllanmagan. Chet davlatlar bilan oʻzaro tovar ayirboshlashga oid kelishuvlarga erishish, ularning talabiga javob beradigan meva-sabzavot eksportini ragʻbatlantirish, “yashil yoʻlak”larni yanada kengaytirish, imtiyozli kredit va preferensiyalar berilishi lozim.
Pishiqchilikda narxi juda arzon boʻlib ketadigan va saqlash imkoniyati katta sarf-xarajat talab qiladigan mahsulotlar uchun qayta ishlash korxonalarini koʻpaytirish, zamonaviy qayta jihozlash, qayta ishlangan mahsulotni chet ellardagi savdo uylari, konsalting kompaniyalari orqali eksport shartnomalari tuzilishi va yetkazib berilishiga koʻmaklashish ham ayni muddao. Buning uchun mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan Xitoy, Pokiston, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya kabi davlatlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida savdo uylarini ochish talab etiladi. Shuningdek, qayta ishlash, saqlash korxonalari va fermerlar oʻrtasida shartnomalar tuzish hamda ularning ijrosini taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.
Chet ellik xaridorning talabiga javob beradigan sabzavot urugʻlari, daraxt koʻchati yetishtirish va uning sifatini kafolatlovchi tizim yaratish. Eksportbop meva-sabzavotlarni ekish va parvarishlash boʻyicha hududlarga mos holda olimlar va agronomlar tomonidan texnologik kartalarning ishlab chiqilishi, sifatli urugʻ bilan taʼminlanishni yoʻlga qoʻyilishi maqsadga muvofiq.
Bu oʻrinda eksportbop koʻchat navlari va urugʻlar yetkazib beruvchi xoʻjaliklarni har bir tumanda koʻpaytirish va ularni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash (imtiyozli kredit, bino masalasi, infratuzilma sharoiti va b.) darkor. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumot aks etuvchi veb-sayt va kanallar yaratilishi hamda uni doimiy faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadga muvofiq.
Sertifikatlash tizimini takomillashtirish. Tadbirkor, fermerlarimiz xorijga mahsulotlarini sotishda, importyor davlatlar tomonidan mahsulotga qoʻyilayotgan sifat, sertifikatlash, fitosanitariya, qadoqlashga oid va boshqa sifat talablarini oʻrganishlari hamda amaliyotga joriy etishlari lozim. Bu masalada mutasaddi idoralar elchixona, eksportni rivojlantirish tashkilotlari, bojxona idoralari aniq maʼlumot berilishini taʼminlashi, tegishli axborot koʻmagi koʻrsatishi lozim. Meva-sabzavot mahsulotlarini xalqaro sifat standartlari boʻyicha sertifikatlash laboratoriyalari tarmogʻini tumanlar darajasida tashkil etish soha rivojiga turtki boʻladi.
Meva-sabzavot mahsulotini eksportga yetkazishda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, yoʻl xarajatini qisqartirish. Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas, shuning uchun tez ayniydigan meva-sabzavotlarini xorijiy isteʼmolchiga yetkazib berish hamon dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Buni hal etish transport-logistika tizimini takomillashtirish, xususan, avtomobil, temir yoʻl, havo-yuk transporti tarmogʻini rivojlantirishga borib taqaladi.
Bugun ushbu tizimlardan foydalanish eksportchilarimizga juda qimmatga tushmoqda. Mutasaddi davlat idoralari eksport yuklarini qoʻshni davlatlardan temir yoʻl, avtomobil yoʻllari orqali imtiyozli narxlarda oʻtkazish boʻyicha muzokaralarga ehtiyoj sezadi. “Uzbekistan Airways” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyalari tovarlarimizni eksport qilish boʻyicha zamonaviy logistika yoʻnalishlarini yaratishlari zarur.
Ayni paytda avtomobil xalqaro yuk tashuvlari tizimini jahon bozorida raqobatbardoshligiga erishish, meva-sabzavot tashuvchi avtoulovlar parkini kengaytirish, “Yevro 5” standartiga javob beradigan zamonaviy sovutgichli, izotermik furalar soni va sifatini keskin koʻpaytirish chora-tadbirlarini koʻrish lozim.
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini toʻliq faoliyat yuritishini taʼminlash. Eksportga yoʻnaltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining turlari, hajmlari, summasi va yetishtirish hududlari kesimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi bunday portalning ishga tushirilishi ham eksportchilar uchun birmuncha qulaylik yaratadi. Tashqi bozorlarni oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlarini olib boruvchi konsalting xizmatlarini rivojlantirish va ularning materiallarini internet-sayt va kanallarda eʼlon qilish ham bu masalani hal etishga qisman boʻlsada ijobiy hissa qoʻshadi.
Mahsulot tayyorlash va eksportni moliyalash sohasidagi masalalarni hal etish.Xorijiy hamkorlar odatda mahsulotni yirik miqdorda ulgurji asosda sotib olish uchun buyurtma qiladi. Oʻrta holdagi fermer yoki tadbirkor 200-300 tonnalik mahsulotni bir oʻzi yetishtirishi qiyin. Shu tufayli eksport kontrakti boʻyicha buyurtmani bajarish uchun koʻplab dehqonlar, tomorqa yer egalari va dehqon bozorlaridan mahsulotni yigʻishga harakat qiladi. Bu esa tovar konditsiya – sifati, navi va hokazolarning turli xilligiga olib keladi va tegishli tarzda har doim ham xaridor xohlagan sifat, oʻlchamdagi tovar tayyorlashga imkon bermaydi.
Ushbu masalani ijobiy hal etish uchun birinchi navbatda xorijiy hamkorlar talabiga muvofiq eksportbop tarzda kallibrovkaga keltirilgan koʻp miqdorda meva-sabzavot yigʻish va uni qayta ishlash imkoniyatiga ega maxsus jihozlangan meva-sabzavot terminallari sonini koʻpaytirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish talab etiladi. Meva-sabzavot terminallarini jihozlash uchun chetdan texnika va texnologiyalar olib kelayotgan tadbirkorlarga bojxona imtiyozlari yanada kengroq qoʻllanishi va moliyaviy koʻmak berilishi ayni muddao.
Ushbu terminallar eksport yuki ortish uchun moʻljallangan transport partiyalari (konteynerlar, yuk tashishga moʻljallangan (sovutgichli) avtomobil furalari, vagonlar turkumi) ga ega logistik markazlar bilan birga faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq. Masalan mosh xarid qilmoqchi boʻlgan xitoylik hamkorlar birinchi navbatda oʻzbekistonlik sotuvchidan meva-sabzavot, shu jumladan, moshni yigʻish va qayta ishlash (kallibrovka qilish, qoplarga qadoqlash) imkoniyatiga ega terminal bor-yoʻqligi bilan qiziqishi tabiiy. Chunki u ham xaridor sifatida buyurtmasi oʻz vaqtida va sifatli bajarilishidan manfaatdor.
Mahsulot imijini yaratish. Yurtimizdan chet elga sifatsiz mahsulot joʻnatgan va reklamatsiya olgan tashkilot, fermerlar roʻyxati (reyestri) yaratilishi joiz, toki boshqa chet ellik xaridorlar aldanib qolishi yoki sifatsiz mahsulot xarid qilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
Asosiy savdo sheriklarimiz boʻlgan davlatlarning karantin, fitosanitariya, sertifikatlashtirish xizmatlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishish. Bu ushbu davlatlarga mahsulot yetkazib berilgach, bojxona va sertifikatlash idoralarida vujudga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish, tegishli hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirish imkonini beradi.
Meva-sabzavot mahsulotini import qiluvchi davlatlarning agronom olimlari, marketologlari, fermerlarini yurtimizga yoki biznikilarni xorijga yuborib, oʻquv mashgʻulotlari, treninglar tashkil qilish. Bunday tajriba almashish chet elning ilgʻor intensiv texnologiyalarini yurtimizda keng joriy etish va ularning bozor talablariga mos keladigan mahsulot ishlab chiqarishga xizmat kiladi. Masalan Xitoy yiliga kamida 20 million tonnadan ortiq mosh import qiladi. Bu borada Oʻzbekistonning ulushi juda kam.
Meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimini rivojlantirish. Bu boradagi qishloq xoʻjalik birlashmalarini shakllantirish mahsulotlarning ulgurji bozorini yaratishga xizmat qilib, meva-sabzavotni yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarishgacha boʻlgan masalalarning yechilishiga xizmat qiladi”.
Tahlillarimiz shuni koʻrsatdiki, bugungi kunda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda asosiy muammo uning tor yoʻnaltirilganligi (asosan Rossiya, Qozogʻiston) va diversifikatsiyalanmaganligi bilan cheklangan. Bu holat, fikrimizcha, qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, yaʼni:
Birinchidan, asosiy import qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi va meva-sabzavotlarga boʻlgan talabning kamayishi butun sanoat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ikkinchidan, import qiluvchi mamlakatlarning monopsoniya kuchi, xaridor mahsulotlarga narx belgilab beradigan vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin.
Uchinchidan, rivojlangan mamlakatlar bozorlariga (Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Xindiston) oʻz standartlariga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berilsa, ayrim davlatlarga qaraganda katta xarid qobiliyatiga ega boʻlib, eksport hajmi keskin oshadi. Bundan tashqari, tabiiy organik meva va sabzavotlarga jahon miqyosida talab ortib bormoqda.
Meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, balki uning atrofida yangi tarmoqlarni shakllantirish hamda rivojlantirish, muqim ish oʻrinlarini yaratish, valyuta tushumi, aholining turmush darajasini yanada oshirishni taʼminlaydi.
Sobir Hasanov,
“TIQXMMI” MTU
mustaqil izlanuvchisi