Jumladan, poytaxtimiz hamda Toshkent viloyatida oʻtkazilgan kuzatuvlarda xaritalash va roʻyxatga olish ishlarini bajarish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Multiindikator klaster kuzatuvlari (MIS)ni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – aholining yashash sharoitlari toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻishdir. MICS – 15 yoshdan 49 yoshgacha boʻlgan ayollar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar toʻgʻrisida (onalari yoki vasiylaridan olingan) aniq maʼlumotlar, aholi turmush darajasi, yashash joyi (shahar yoki qishloq) hamda jinsi boʻyicha toʻplangan barcha maʼlumotlarni mamlakatlar miqyosida xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi.
2019-yil 24-iyulda Vazirlar Mahkamasining “2020–2021- yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida hukumatimiz BMTning bolalar jamgʻarmasi — UNICEFning texnik koʻmagida mamlakatimizda onalar va bolalar turmush tarziga oid muhim statistik maʼlumotlarni shakllantirish boʻyicha kuzatuv oʻtkazish borasida turli chora-tadbirlarni amalga oshiryapti, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.
Kuzatuv jarayonlariga masʼul boʻlgan intervyuyerlar va supervayzerlar aholiga MICS boʻyicha keng tushuncha beryapti.