Nizom mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga (bundan buyon kredit tashkilotlari deb yuritiladi) isteʼmolchilarga taqdim etiladigan moliyaviy xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilish, shuningdek, qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda kredit tashkilotlarining isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlari va isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqishning minimal talablarini belgilaydi.

Ushbu Nizom quyidagi maqsadlarda qabul qilindi:

- moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash;

- kredit tashkilotlarining moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlaridagi adolatsiz amaliyotlarning oldini olish;

- mikromoliyalash bozorining axborot shaffofligini oshirish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining xabardorligini oshirish.

Mazkur Nizom nafaqat fuqarolar bilan, balki kichik va oʻrta biznes subyektlari bilan munosabatlarni ham tartibga soladi.

Xususan, hujjatga muvofiq, taqdim etiladigan xizmatlar va ularning shartlari toʻgʻrisidagi axborotlar kredit tashkilotining stendlarida va veb-saytlarda joylashtirilishi lozim.

- Kredit tashkilotlari shartnomalar loyihalarini oldindan oʻrganib chiqish uchun isteʼmolchilarga taqdim etilishi bilan tegishli shartnomani imzolashdan avval moliyaviy xizmatlar shartlarini oshkor qilishlari shart.

Qarz oluvchilar kredit boʻyicha oʻzlari amalga oshirgan toʻlovlar va mavjud qarz qoldigʻi toʻgʻrisida axborotlar olish huquqiga ega.

- Bunday holda, kredit tashkilotlari isteʼmolchilarga imzolangan shartnomanining bir nusxasini taqdim etishlari shart.

- Kredit tashkilotlari qarz oluvchilarning huquqlarini buzadigan yoki ularning moliyaviy majburiyatlarini oshiradigan kredit shartnomalarini bir tomonlama oʻzgartirish huquqiga ega emas.

Taʼkidlash joizki, kredit tashkilotlari isteʼmolchilarga oʻz xizmatlari uchun naqd yoki naqdsiz shaklda haq toʻlash huquqini cheklashga haqli emas.

Nizom 2020-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi.