“Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda: tadbirkorlar oʻz biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega boʻlmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq boʻlmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yoʻq edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov oʻz davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan oʻzbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.
Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi...”
Prezident Shavkat MIRZIYOYEVning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusidan (2021-yil 17-avgust. 165-son).
Yuqorida keltirilgan iqtibosning davomi – keyingi xatboshidan oʻqiymiz:
“Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak boʻlgan oʻtkir muammolar boshqa sohalarda ham yigʻilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib-bilmaganga, koʻrib-koʻrmaganga olib, gʻaflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu oʻzimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat boʻlardi.
Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning maʼno-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yoʻl tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas”.
Hurmatli oʻquvchidan shu oʻrinda ozroq “lirik chekinish”ga izn berishini xohlardim.
Prezident har doim qatʼiy tarzda oʻz maʼruzalari, suhbat va muloqotlarida, muhaddis bobolarimiz, ulugʻ allomalarimizu jadidlar va shoirlarimizdan muttasil iqtiboslar keltirishi keksayu yosh eldoshlarimizga hamisha margʻub va maʼqul kelganki, bu nozik hikmatpeshalik davlat rahbarining yuksak maʼrifatiyu xalqparvarligidan dalolat beradi. Mazkur suhbatda ham hazrat Alisher Navoiy, Sohibqiron Amir Temur, Imom Buxoriy bobomiz, ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlardan tamsillar keltirilgan. Va bu iqtiboslar oʻz joyida, mavridi va nuqtasiga kelganda donishmandona ishlatilganligi bilan gʻoyat qadrlidir.
Shu oʻrinda Alisher Navoiy bobodan uzr soʻragan holda aytmoqchimanki, suhbatning ustozlarimizning nomlari va satrlari tilga olingan bandlariga kelganda, rosti gap, xayollarim algʻov-dalgʻov boʻlib, shunday aziz siymolarning bu kunlarni koʻrolmay armonda ketganini oʻyladim. Holbuki, uncha koʻp vaqt emas – nari-berisi bilan bor-yoʻgʻi besh yil avval bu ustozlarimiz tirik edilar. Kechagidek yodimda: Erkin aka boqiy dunyoga safar etgan, Abdulla aka tobi yoʻq, Amerikaga muolajaga otlanayotgan pallalar, samolyot kechqurun uchadigan kun, biz “Adabiyot va sanʼat” gazetasini chiqarayotgan tigʻiz bir paytda Abdulla aka telefon qilib qoldi. Salom-alikdan soʻng, gazetaga buyurgan maqola tayyor boʻlganini bildirgach, sal-pal hansiragan holatda, boʻgʻiq tovushda shunday dedi: “Men endi bugun uchib ketaman... Tirik qaytamanmi yoʻqmi buni Xudo biladi. Endi zamon mutlaqo yangi zamon boʻladi. Shuni bilinglarki, eski davr boshqa qaytib kelmaydi. Yangi davr, yangi zamon boʻladi. Shu yangi zamonning qadriga yetinglar, hushyor boʻlinglar. Shu zamonning minbarini ehtiyot qilinglar, pok saqlanglar...”
Tamom-vassalom! Bor gap shu. Bir oy-bir yarim oy oʻtar-oʻtmas, Amerikadan dillarni larzaga solgan noxush xabar keldi... U paytlar, hozirgidek shart-sharoitlar yoʻq, lekin mamlakat Rahbari sifatida Shavkat Miromonovich shaxsan oʻzlari nazoratga olib, bor xalqaro rasm-rusumlar, qonun-qoidalarni yengillashtirish va tezlashtirish choralarining qisqa muddatda amalga oshirish ishlaridan tortib to ustozning jasadini Oʻzbekistonga olib kelgunga qadar, dafn marosimiyu barcha tashkiliy ishlarga bosh-qosh boʻlgani – kechagidek koʻz oldimizda turibdi. “Amerika – sehrli diyor, Uxlar edi Kolumb ham hali, Dengiz ortin yoritdi ilk bor, Beruniyning aql mashʼali”, deya kuylagan millatning ulugʻ shoiri ana shunday “sehrli diyor”da mangu uyquga ketib, mangu uyquga choʻmgancha ummonlar, okeanlar osha oʻz ona Vataniga qaytib keldi.
Oradan oʻtgan salkam besh yillik muddatdan keyin hozirgi keng va qulay imkoniyatlar davriga koʻnikib qolganimiz bois yuqorida keltirilgan dardli-alamli manzaralarga “Nahotki shunday boʻlgan boʻlsa?” deya ishongingiz ham kelmaydi. Lekin... Abdulla aka Millat shoiri edi, Oʻzbekiston Qahramoni, Davlat madhiyasining muallifi edi. Va shunday shoirni davlat Rahbari sifatida ham, shu xalqning farzandi sifatida ham Prezident yuksak qadrlar va hurmat qilardi. Shu yuksak ehtiromga yarasha mamlakatda birinchilardan boʻlib ustoz nomidagi Ijod maktabining ochilishiyu, Adiblar xiyobonida haykali oʻrnatilishigacha – barcha ehtiromlar bajo keltirildi. Bunday amaliy ishlar ustoz Erkin Vohidov va boshqa marhum shoir-yozuvchilarimiz xotirasi uchun ham bekamu koʻst oʻz vaqtida ado etildiki, azim poytaxtning qoq markazida Alisher Navoiy bobomizning qiblaga qaratib oʻrnatilgan muazzam yodgorlik majmuasi mutanosibligida oʻxshashi yoʻq yaxlit Adiblar xiyoboni vujudga keldi.
Salkam bir asr boshpanasiz, katta idoralarning qosh-qovogʻiga qarab, ijarama ijara xoru zor, Vatan ichra bevatan “nomi ulugʻ – suprasi quruq” boʻlib kelgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining oq chinniday yarqirab turgan koʻrkam binosi ham ismi jismiga loyiq va munosib ushbu Adabiyot boʻstoni ichra barqaror vatanli boʻldi.
Yoki, yana bir hayotiy misolga murojaat qiladigan boʻlsak, Prezident, bir paytlar viloyatning birinchi rahbari sifatida oʻzlari tashabbuskor boʻlib tashkil etgan, yuzlab, minglab yosh isteʼdodlarning orzu-umidlariga aylanib qolgan, qalblariga surur va gʻurur bagʻishlagan Respublika yosh ijodkorlarning anʼanaviy Zomin seminar kengashining oʻz mavqei va maqomiga qaytarilishi – mamlakat ijtimoiy-adabiy hayotida, ayniqsa mamlakatning koʻp sonli yosh ijodkorlari – aziz uka-singillarimiz yuragida keng aks sado berdi.
Bu – masalaning amaliy tomoni. Uning maʼrifiy-tarbiyaviy jihatlari, ayniqsa, beqiyos. Oq kabutarlar misol, vijir-vijir qaldirgʻochlar yangligʻ qator-qator yosh isteʼdodlarning quvonchu sevinchlarini, Oʻriklisoy jilgʻalariday mavj urgan toshqin va shoshqin bir dunyo orzu-havaslarini koʻrib sizning ham havasingiz kelmay iloji yoʻq. Adabiyot bogʻining bu navnihollari, eh-he, hali ulgʻayib, odam boʻladi, yurt soʻraydi. Prezident katta umid va ishonch bilan qayta-qayta taʼkidlaganday, adabiyotimizning yaqin kelajagidagi Oybeklari, Hamid Olimjonu Zulfiyalari, Ibroyim Yusupovlar, Toʻlepbergen Qaipbergenov bilan Erkin Vohidovu Abdulla Oriflari, nasib etsa, mana shu yosh isteʼdodlarning toʻzmas va mustahkam qatorida kamol topayotganiga shak-shubha yoʻq. Bu eʼtibor va eʼzozlar ilk hosilini dastlabki mevalarini berayotgani adabiy jamoatchilikka ham, koʻpchilik adabiyot muxlislariga ham yaxshi maʼlum.
Prezident misol keltirgan, ustozimizning bir satr sheʼri atrofida men nima uchun buncha uzoq toʻxtaldimu, nima sababdan tafsilotlarga bu qadar koʻp va keng oʻrin berdim, degan haqli savol tugʻilishi mumkin. Bir zamonlar alam va armon bilan “Mulki Hindu Marvdin kelsam topardim eʼtibor. Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Fargʻonaman...” deya iztirob chekkan Mavlono Muqimiyning va yo Furqat boboning dardu hasratlari bilan bu jabrdiyda zotlardan yuz yil keyin yashagan, XXI asrni ham koʻrgan, mustabid tuzumning ham, istiqlol davrining ham dastlabki yigirma-yigirma besh yillik bor dardu alamlarini yurak-yuragidan oʻtkizgan, “Chekibdur Boburu Furqat Vatan hajrida afgʻonlar, Men ersam, vah, ne gʻurbatkim, Vatanda bevatan boʻldim” deya ohu nola qilgan ustoz Erkin Vohidov va yoki “Xalqim, moziy oʻtdi, tole koʻrmading, Pishirding oʻzingga benasib taom, Kiygizding birovga, oʻzing kiymading, Yulduzni kashf etib nom olding – avom!” debon figʻoni falakka yetgan ustoz Abdulla Oripovning oʻtli-armonli satrlari oʻrtasida yoki boshqa-boshqa asrlar va siyosiy tuzumlarda yashagan bu shoirlarning tiriklikdagi achchiq qismatlari oʻrtasida biror-bir farq yo oʻzga mazmun yoʻq deb oʻylayman. Bu nolakor sheʼrlar aro buyuk bir xalqning, millatning asrlar boʻyi tahqirlangan, xoʻrlangan taqdiri tutab, chinqirib yotibdi. Ushbu dardu alamlar silsilasiga Oybek domlaning “...yigʻlar yuragimda Vatanim...” yoki Mirtemir domlaning “Armonli kuychiman...”, “Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim”, “Majnuntol tagiga oʻtqazing meni, Men uchun yigʻlasin, men yigʻlab boʻldim”, yoxud bir zamonlar “Oq olmalar” kitobchasi bilan “Onaginam, dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol” deya oq-oppoq orzu niyatlari bilan sheʼriyatimizga bir olam bahoriy nafaslarni olib kirgan oʻtnafas shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning “Yiqilgan bayroqdek koʻtarilaman...” singari satrlarini qoʻshib koʻrsangiz, davlat rahbari oʻz suhbatida tilga olgan “sobiq mustabid tuzum” manzaralari besh panjaday ayon boʻladi qoladi...
Alam qiladigani, istibdod zamonida, oʻsha million-million elatlar ichra egilgan million-million xalq farzandlari orasida buyuk millatning ne-ne boʻlajak Alisherlariyu Boburlari bezgakka chalinib umri xoru zorlikda oʻtdi. Dunyoga ikki Buyuk Uygʻonish davrini bergan ulugʻ va maʼrifatli bir elning ne-ne Buxoriylaru Termiziylari, qancha-qancha Xorazmiylariyu Samarqandiylari, ne-ne jahon chempionlariyu fazogiru olamgir farzandlari roʻshnolik koʻrmay, umri-hayoti sil boʻlgan gʻoʻzabarglarday oʻsha gʻarib va nursiz paykallarda taqdir-nasibalari poymol boʻldi.
Bolalik manzaralaridan bir sheʼriy iqtibos:
Oʻ, paxtazor! Kundaligim hali sendadir,
Savodimning tarjimayi holi sendadir.
Kech kuzgacha doskalarda qolib ketgan sentyabr,
Sentyabr, sentyabr, sen gapir!
Oʻn ikki ming egatlarda meni axtarib
Qolib ketdi yozilmagan murgʻak baytlarim.
Paxta! Paxta! Butun fikru xayollar – paxta,
Labimizda qotib qolgan savollar – paxta.
Muallimlar paxta derdi, shofyorlar – paxta!
Paxta derdi yoʻllardagi shiorlar – paxta...
Shunda edi kelajak ham, yozmish ham shunda,
Taqdir deb soʻng bir umrga nolish ham shunda.
Diyorimning daholari, chempionlari,
Zukko, oqil arboblari, bilimdonlari.
Shunda edi Xudolari ona tilimning,
Shunda edi panohlari kuygan elimning.
Eh qanchasi qolib ketdi paxtazorlarda,
Xazon boʻldi, soʻlib ketdi paxtazorlarda.
Ustozlarimiz “Shoirman, boʻynimda sheʼrning gunohi” deganlariday, yuqoridagi ezgin lavhalarni misol keltirishimizning boisi – bu bizning bolaligimiz, million-million oʻzbeklarning bolaligi. Prezident qachonki shu mavzuni yodga olib, “egilib chigit ekdik, egilib paxta terdik, lekin kosamiz oqarmadi”, der ekanlar, bizning qatori avlod koʻz oʻngida shu munglugʻ manzaralar gavdalanib, jonlanib kelaveradi, kelaveradi...
Prezidentning intervyusi hali gazetada chop etilmasdan uch-toʻrt kun avval, avgustning oʻn uchinchi kunida Tokio olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar va ularning murabbiylari bilan boʻlgan uchrashuvi, mazkur oliymaqom anjumanning muzaffar va tantanavor ruhi, davlat rahbarining nechogʻli gʻurur va iftixor bilan oʻgʻil qizlarimizni muborakbod etib, qutlaganlari, ushbu marosimdagi gʻolibona va gʻururbaxsh manzaralarning yuksak tarbiyaviy ahamiyati shunchalar beqiyos va keng qamrovli boʻldiki, bu taassurotlarni hayajonlanmasdan, koʻzlarga yosh qalqimasdan shunchaki ifodalash qiyin.
Oʻsha oqshom million-million oʻzbek xonadonlarida ota-onalar, farzandlaru dilbandlar, aziz oʻgʻil-qizlarimizning qalbida, koʻngillarida ne-ne orzu-umidlar uygʻonmadi deysiz? Ne-ne yuraklardagi niyatlar, nasib etsa, kamol topib, xalqimizning shaʼnu shavkatini olam aro bundanam kengroq yoyishlariga ishonch va qatʼiyat yanada mustahkamlandi desam, mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Bu endi boshqa manzaralar. Boshqa bolalik, boshqa – mutlaqo yangi zamon farzandlarining bolaligiyu, yuqorida aytganimiz, Yangi zamonning asal-qand mevalari – farzandlarimiz, dilbandlarimiz. Ularga, ularning koʻrkam qaddu qomatlariyu gʻayrat-shijoatiga faqat havas qilish mumkin. Shukronalik bilan havas, havas, va yana havas qilish mumkin. Surxon vohasidan baxtiyor baxshimiz koʻksi ohang va navolarga toʻlib kelarkan “Omon, omon, qandingni ur Yangi zamon...” deya doʻmbirasiga kun bermayin chertarkan, bu termaning keyingi satrida keladigan uyqash-qofiyadosh soʻzlarni oʻzingiz ilgʻab olasiz deb oʻylayman...
Suhbat-intervyuning muqaddima qismida hazra Alisher Navoiy bobomizdan keltirilgan iqtibos, undagi “Navroʻz” – yaʼni yangi, yangi kun zimmasiga yuklatilgan umummilliy – umumbashariy yukning qanchalar zalvorli va ogʻirligini, ayni paytda bedor va beorom qalb, bir millat Rahnamosining orzu-maqsadlari ekanini, ayni paytda shu Buyuk Bedorlikning butun millatga – salkam oʻttiz besh millionlik Oʻzbekiston xalqiga daxldorligiyu har birimizning hayot-mamot, yoinki, hayot-najot ishimizga aylanmogʻi boʻyicha dasturiy daʼvatnoma, shoirona tashbeh bilan aytganda esa dasturiy davlatnomadir.
“Takror aytaman, – deydilar Prezident, – oldimizda turgan ishlarning barchasini oʻzimiz, oʻz kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib, biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi.”.
Alisher Navoiy bobomizning “Oʻz vujudinggʻa tafakkur aylagil, Har ne istarsen oʻzingdin istagil” baytlariga qiyosan fikrlaydigan boʻlsak, Prezident zimmasidagi Burch va Masʼuliyat zalvorini har birimiz oʻzimizning, – Vatanimiz, ota-onamiz, uka-singlimiz, tugʻishgan oilamiz, oʻgʻil-qizimizning oldidagi Burch va Masʼuliyat sifatida qabul qilmogʻimiz, qalbimiz, jismu jonimiz, jonu jahonimiz ila bir umr, butun umr shu eʼtiqodga baxshida boʻlib yashamogʻimiz talab etilayotir...
“Bu hayotda nimaga, qanday yutuqlarga erishgan boʻlsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va eʼtibor koʻrsatsak, arziydi.”
Prezident alohida mehr bilan tilga olgan ayollarimiz, ayniqsa onalarimiz oldidagi qarzdorlik tuygʻusi bugun ijtimoiy hayotimiz, davru zamon oldidagi, Vatanimiz, mamlakatimiz miqyosidagi – oddiy mahalladan boshlanib, yangi-yangi shahru qishloqlarimiz, yoʻllar va koʻpriklar, yangi-yangi inshoot va maktablar, bilim dargohlari timsolidagi Yangi Oʻzbekistonimizning mazmun va mohiyati ila bir mujassamlikda namoyon boʻlmoqda.
Bundan bir yuzu oʻn besh yil avval oʻtgan, zulmu sitam, dardu alamni ham obdon boshdan oʻtkargan mahzun shoiramiz, Qoʻqon adabiy muhitining noziktaʼb namoyandasi bu yorugʻ dunyoda bor-yoʻgʻi oʻttiz olti yil umr koʻrgan bibi Anbar Otin shunday bashoratli satrlarni yozib qoldirgan ekan:
Kelib xushnud avlodim,
manim mulkim qilur obod,
Bu vayron diyorimda
shaharlar aylagay bunyod.
Mulkimizni obod aylab, shaharlar bunyod etayotgan mana shunday xushnud va shijoatli avlodlar davri – Yangi Oʻzbekiston zamoni barcha zamondoshlarimizga muborak boʻlsin deymiz.
Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston xalq shoiri