Xoʻsh, bu borada mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Atletlarimiz bilib yoki bilmasdan doping qurboniga aylanib qolishmayaptimi?

Shu mavzuda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida sport federatsiya va assotsiatsiyalari uchun yirik seminar tashkil etildi. Unda MOQ raisi oʻrinbosari Sh.Toshmatov, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi (OʻzMADA) direktori N.Tursunov, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori A.Sodiqov, shuningdek, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirgan sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarining mutasaddilari, milliy terma jamoalarning shifokor va murabbiylari qatnashdi.

Seminar davomida OʻzMADA hamda RSTIAMning tajribali mutaxassislari sportchilar isteʼmol qiladigan qoʻshimcha biologik ozuqalar, sportchilarning shaxsiy maʼlumotlari nazorat qilinadigan ADAMS tizimiga ahamiyat qaratish kabi masalalar boʻyicha taqdimot oʻtkazishdi. Mutaxassislar oʻrganishlar boʻyicha WADA va hech bir mamlakatdagi antidoping agentligi bunday qoʻshimcha biologik ozuqalardan foydalanishni tavsiya etmasligi haqida alohida taʼkidlab oʻtishdi. Oʻz navbatida Sh.Toshmatov mazkur seminar qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi borasida oʻz fikrlarini bildirdi.

Seminar davomida Nodir Tursunov 2020-yil davomida qaysi terma jamoalarimizda doping qoidalari buzilgani haqida ham maʼlumot berib oʻtdi. Shuningdek, dzyudo boʻyicha terma jamoa asosiy sportchilaridan birida ADAMS tizimida qoidabuzarlik sodir etilgani, agar bu hol yana ikki marotaba takrorlansa, oʻsha dzyudochi Tokio Olimpiadasidan tashqari yana bir necha yil musobaqalardan chetlatilishi mumkinligi taʼkidlandi. Oʻz navbatida, bu hol boshqa jamoalarga ham ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlishi lozimligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, terma jamoalarning murabbiy va shifokorlari mutaxassislarga taqdimot borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.