"Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!”

    Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar oʻtkazilishi boshlandi.

    Mamlakatimizda har yili 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanadi.

    Prezidentimizning shu yil 14-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoyishi asosida, yurtimiz boʻylab “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar oʻtkazilishi boshlandi.

    Bugun, Milliy matbuot markazida, “Oʻzbekiston Respublikasida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi bayramini keng nishonlashga bagʻishlangan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjuman davomida masʼul shaxslar tomonidan Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash maqsadida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, tayyorlanayotgan maqolalar, tele va radiodasturlarda asosiy eʼtiborni soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarni isloh etish va rivojlantirish mobaynida qoʻlga kiritilgan yutuqlarga, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalarida amalga oshirilgan ishlarga qaratish haqida maʼlumotlar berildi.

    Matbuot anjumanida mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi Otabek Yuldashev, Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshligʻi Raxmatilla Raxmonov, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Mehriddin Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi Xolmurod Salimov spiker sifatida Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu boʻyicha savollariga javob berdilar.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri