2017 yildan boshlangan ushbu anʼana oʻtgan yil natijalarini xolis baholash, mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yoʻnalishlari hamda kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab olishda samarali siyosiy mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda.
Murojaatnoma, avvalo, davlat rahbarining xalq bilan ochiq muloqoti, jamiyat oldidagi masʼuliyati va hisobdorligining amaliy ifodasidir. Prezidentimiz Murojaatnomalariga xos muhim jihat shundaki, unda hayotdagi muammolar yashirilmay, roʻy-rost aytilmoqda, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda, moliyaviy manbalar va masʼul ijrochilar belgilanmoqda. Loʻnda aytganda, ushbu Murojaatnomalar “davlat — xalq uchun”, degan ezgu tamoyilning hayotdagi yaqqol ifodasi boʻlib, barchamizni yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida birlashtirmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining 2026 yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergani, xalqimizning orzu-umid va intilishlarini ifoda etgani bilan alohida ahamiyatga ega boʻldi. Davlatimiz rahbari 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlashni taklif etdi va ushbu tashabbus yigʻilish ishtirokchilari, shuningdek, xalqimiz tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.
Bunday nom tanlanishi tasodifiy emas. Uning zamirida yillar davomida toʻplangan tajriba, puxta oʻylangan siyosat va mustahkam huquqiy asos mujassam. Murojaatnomada mahalla tizimining oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtilgani ham buning yaqqol dalilidir. Prezidentimizning “Mahalla va yaxshi qoʻshnichilik oʻzaro uygʻun qadriyatlardir. Ular jamiyatda insoniy va ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qoʻshadi” degan soʻzlari soʻnggi yillarda mahalla yoʻnalishida amalga oshirilgan islohotlar mohiyatini koʻrsatadi.
Mahalla tizimi yangi Oʻzbekiston islohotlarining markazida turibdi. Harakatlar strategiyasidan boshlab, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” kabi mexanizmlarning joriy etilgani mahalladagi ijtimoiy muammolarni joyida hal qilish imkoniyatini yaratdi. Mahalla tizimi xodimlari kunining belgilangani, avval “uchlik”, keyin “beshlik”, bugun esa “yettilik” tizimining yoʻlga qoʻyilgani mazkur islohotlarning uzviy davomidir.
Bugun Oʻzbekiston 38 milliondan ortiq odam yashaydigan ulkan davlatdir. Har yili aholi soni oʻrtacha 2 foiz oʻsib, 1 milliondan ziyod oʻgʻil-qizlar katta hayotga qadam qoʻymoqda. Bu raqamlar yangi avlodning ulkan bunyodkorlik salohiyatini koʻrsatadi. Shu bilan birga, murakkab global sharoitda yoshlarni vatanparvar, fidoyi va masʼuliyatli insonlar qilib tarbiyalash, jamiyatni birlashtirishda mahallaning oʻrni beqiyos. Ijtimoiy soʻrovlar natijasida aholining
90 foizdan ortigʻi oʻzini mahalla jamoasining ajralmas aʼzosi deb hisoblayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
“Birlashgan — oʻzar, birlashmagan — toʻzar”, degan hikmat bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Tarixda xalqimiz eng ogʻir sinovlarni mahalla birdamligi orqali yengib oʻtgan. Bugun ham turli fikr va qarashlar mavjud boʻlishi tabiiy, ammo millatni birlashtiradigan ulugʻ gʻoya bitta — Vatan va xalq manfaati. Mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyat ham barqaror boʻladi. Shu falsafa asosida 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomadagi olti muhim ustuvor yoʻnalishdan birinchisi mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratildi. Yurt obodligi mahalladan boshlanadi. Yoʻl, suv, elektr energiyasi taʼminoti, maktab, bogʻcha va tibbiyot muassasalari — islohotlar samarasi, avvalo, ana shu sohalar orqali his etiladi. Shu bois, 2026-yildan har viloyatda 2-3 ta tuman tanlanib, ulardagi barcha mahallada muammolar kompleks hal qilinadi. Bu tajriba Samarqand viloyatining Urgut tumanidan boshlandi.
2026-yili infratuzilma loyihalari uchun 20 trillion soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirilib, bogʻcha, maktab, poliklinika, yoʻl va muhandislik tarmoqlari yangilanadi. Deputatlar vakolatlari va moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilib, har bir okrugda aniq natijaga erishish maqsad qilindi. Tumanlar byudjetining mustahkamlanishi esa mahalliy tashabbuslarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar ochadi.
Kambagʻallikni qisqartirish ham umummilliy harakatga aylandi. “Mahallada sanoat va xizmat” loyihalari, mikroloyihalar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yuz minglab ish oʻrinlari ochiladi. Natijada 2026-yili kambagʻallik darajasi sezilarli qisqarib, minglab oilalar farovon hayot sari qadam qoʻyadi.
Yigʻilishda bevosita Murojaatnomani tinglar ekanman, shunday qatʼiy xulosaga keldim: xalq — mahalla — vatan tushunchalari Prezidentimiz amaliy faoliyatining asosiy gʻoyasiga, hayotiy formulasiga aylangan. Bu halqaning asosida vatanning moʻjaz parchasi boʻlgan mahallada yashayotgan yurtdoshlarining taqdiriga qaygʻurish, oddiy insonlar hayotini tezroq yaxshilash, ularning ehtiyojlarini chuqur anglash, munosib turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadi mujassam.
Buning tasdigʻi sifatida Prezidentimizning Murojaatnomada bildirgan quyidagi fikrlarini keltirish oʻrinli deb oʻylayman: “Fargʻona vodiysidan Orolboʻyigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha —
yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada koʻproq his qilishi kerak...
Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois, mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali biz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish borasidagi ishlarni davom ettiramiz”.
Zero, mahalla rivojlansa, jamiyat yuksaladi. Milliy birdamlikning eng mustahkam qalʼasi ham aynan shu yerda — mahallada qaror topadi.
Qahramon QURONBOYEV,
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi,
siyosiy fanlar doktori, professor