Prezidentimiz qayd etganidek: “Hozirgi globallashuv davrida, inson ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan bir paytda turli gʻoyaviy tahdid va xurujlar jamiyatimizning maʼnaviy hayotiga taʼsir koʻrsatishning kuchli quroli sifatida namoyon boʻlmoqda”. Binobarin, mafkuraviy xurujlar inson eʼtiqodiga, turli din, millat va elatlar hamjihatligiga rahna solish orqali siyosiy taʼsir doirasiga olish vositasiga aylanib qolayotganini inkor etib boʻlmaydi. Zero, bugungi kunda dunyoda shiddatli kechayotgan bunday jarayonlar ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga, jumladan, maʼnaviy-mafkuraviy sohalarga ham jiddiy taʼsir oʻtkazmoqda. Shunday murakkab sharoitda tinchlik, barqarorlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash har bir davlat oldida turgan ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Xususan, yurtimizda mafkuraviy xurujlarga qarshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar taʼsirchanligini oshirish, mazkur sohadagi ichki va tashqi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash borasida jiddiy fikrlash taqozo etilmoqda.
Jahon geosiyosiy maydonida globallashuv jarayonlari quchayishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi keskin burilish yasamoqda. Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida kechayotgan ayanchli voqealar tahlili ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar koʻp hollarda ayrim buzgʻunchi kuchlar qoʻlida turli soxta, zararli gʻoya va mafkuralarni targʻib etishning qulay va tezkor vositasiga aylanib qolayotganini koʻrsatayotir. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar yemirilishiga, zoʻravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, masʼuliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlar ildiz otishiga zamin yaratmoqda. Natijada odamzotning oʻz tarixiy, diniy, milliy-maʼnaviy ildizlaridan uzilib qolishiga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat jahondagi koʻplab davlatlarda umumiy tendensiyaga aylanib bormoqda.
Globallashuv sharoitida mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olayotgani ogoh, sezgir va hushyor boʻlishni talab etmoqda. Dunyo miqyosida yuz berayotgan eng xavfli yovuz illat mafkuraviy xurujlar oʻzga bir davlat fuqarolarining qalbi va ongini zabt etish, mafkurasidan voz kechtirish orqali “oʻzgacha” mafkuralarni ongiga singdirishda namoyon boʻlmoqda.
Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda maʼnaviy tubanlik taʼsiri oqibatida madaniyatsizlik, eʼtiqodsizlik kabi qator “taʼlimotlar” oshkora, baʼzan esa yashirin tarzda targʻib etilmoqda. Natijada milliy ruh, millatning oʻziga xosligi va asriy qadriyatlarini zimdan yemirishga zamin yaratilmoqda.
Yovuzlik, jaholat insonni va jamiyatni tubanlikka boshlovchi, odamlarni gʻarazli niyat va qabih maqsadlarga undovchi mafkuraviy xurujlar doimo insoniyat uchun xatarli hisoblangan. Insonparvarlik tamoyiliga zid boʻlgan, jamiyatda parokandalikni vujudga keltirish orqali bir millatni boshqasidan ustun qoʻyadigan, oliy irq daʼvosida boshqa xalqlarni qirgʻin qilishga chaqiradigan yovuz gʻoyalar mafkuraviy xurujlardir.
Shu oʻrinda bu xurujlar muayyan kuchlar tomonidan kishilar qalbi va ongiga yot gʻoyalarni singdirish maqsadida ularning hissiyotlari, eʼtiqodi va tuygʻulariga taʼsir koʻrsatishda jamiyat turmush tarzi va mentalitetdagi oʻzgarishlarni teran anglagan holda gʻoyaviy-mafkuraviy, ruhiy taʼsir oʻtkazishda noanʼanaviy va noxolis usullaridan foydalanib oʻzlarining gʻarazli maqsadlarini “puxta” rejalar asosida amalga oshirishini anglash lozim. Mafkuraviy xurujlar shaxsga, muayyan tashkilot va davlatga yoʻnaltiriladi, uning asl maqsadi oʻsha shaxs, tashkilot va davlatning normal hayot tarzi buzilishini nazarda tutgan siyosiy va ijtimoiy guruhlarning gʻarazli niyatlaridan kelib chiqadi.
Oʻz navbatida, mafkuraviy xurujlar inson, jamiyat tushunchalari doirasidan chiqib ketib, yaxlit insoniyat, butun kishilik taqdiri bilan bogʻliq global masalalarni ham qamrab oladi. Ushbu jihati bilan u hozirgacha mavjud boʻlib kelgan global muammolarning eng tajovuzkori, eng buzgʻunchisi ekanini anglash joiz. Hozirgi paytda dunyo jamoatchiligi tomonidan keskin qoralanayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy xurujlar, xalqaro terrorchilik, diniy ekstremizm va jaholatparastlik, giyohvandlik, odam savdosi ham buzgʻunchi gʻoyalarga asoslangan. Buzgʻunchi gʻoyalar tasnifidan oʻrin olgan yovuz qarashlar turli tarqalish doirasi va taʼsir kuchiga ega.
Ayniqsa, dunyoda boʻlayotgan turli voqea-hodisalar, tez oʻzgarayotgan bugungi kunda hayot jarayonlari ertaga qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini oldindan tasavvur qilish qiyin. Davlatimiz rahbari qayd etganidek:
“Dunyoda turli informatsiya oqimlari, axborot makonlari va manbalari, mafkura poligonlari koʻp. Ulardan qaysisi toʻgʻri, qaysisi ishonchli, qaysi biri gʻarazli ekanini farqlash oson boʻlmayapti. Mana, internetni olaylik, unda nimalar yoʻq, hamma narsa bor. Yolgʻon ham, toʻgʻri narsa ham. Hatto odamlarning kurakda turmaydigan rasvo fikrlarini ham internetdan topish mumkin. Biz bolalarimizni ana shunday aldov va yolgʻon maʼlumotlar girdobida, buzuq, zararli gʻoya va mafkuralar qarshisida yolgʻiz qoldirolmaymiz”.
Mamlakatimizda mazkur harakatlarni oldini olish maqsadida Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida “ekctpemizm va teppopizmga qapshi kupashishning camapali mexanizmlapini shakllantipish, yaʼni fuqapolapning huquq va epkinliklapini taʼminlashga imkon bepadigan ekctpemizm va teppopizmga qapshi kupashish boʻyicha camapali davlat ciyocatini amalga oshipish, yot gʻoyalap taʼcipini oldini olish va ulapning taʼcipiga tushib qolganlap bilan tizimli ishlash opqali ulapning muammolapini baptapaf etish, aholi, ayniqca yosh avlodda teppopizm va ekctpemizm mafkupaciga qapshi qatʼiy va bapqapop immunitetini shakllantipish” masalasi belgilab berilgan. Shu oʻrinda XXI asrga kelib mafkura poligonlarida oʻzida yovuz va buzgʻunchi gʻoyalarni namoyon etuvchi missionerlik va prozelitizm harakatlari tobora kuchayotganini aytib oʻtish joiz. Mazkur harakatlar dunyo miqyosida din va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi keskinlik va qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishga sabab boʻlayotir. Bu esa gʻoyaviy – mafkuraviy tahdid sifatida namoyon boʻlayotgan missionerlik va prozelitizm toʻgʻrisida jiddiy fikrlashni taqoza etmoqda.
Missionerlik va prozelitizm zamirida oʻzga mamlakatlarning davlat suverenitetiga, konstitutsiyaviy tuzumiga nisbatan amalga oshirilayotgan siyosiy bosim va tajovuzlarni gʻoyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash yotadi. Boshqacha aytganda, bu maʼnaviy-madaniy qadriyatlar hamda diniy vositalar orqali boshqa davlatlarning ichki ishlarga aralashuvdir.
Har qanday xalq va millatning birlashuvida milliy gʻoya muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yoʻlida dadil borayotgan mamlakatimizda ham milliy gʻoya masalasi juda muhim ahamiyatga ega.
Milliy gʻoya ezgulikka tayanar ekan, buzgʻunchi mafkuraga qarshi kurashda aniq maqsadga qaratilgan targʻibot ishlarini tashkil etish masalasi dolzarblashib boraveradi.
Mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida kurashda maktabning oʻrni alohida. Shu bois, bugun yurtimizda taʼlim–tarbiya sohasida keng koʻlamli islohotlar kechayotgani bejiz emas. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasi asosida Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻygani, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi islohotlar buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda.
Maʼrifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan soʻzlarida teran maʼno mujassam. Zero, har qanday davlat taraqqiyotining tamal toshi bevosita taʼlim masalalariga qaratilayotgan eʼtibor bilan bevosita bogʻliq.
Tarixan bolaning taʼlim-tarbiyasiga juda nozik va jiddiy masala sifatida alohida eʼtibor qaratib kelingan. Bu orqali yurtning kelajakdagi iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va maʼnaviy taraqqiyotiga zamin yaratilgan. Prezidentimiz sharq donishmandlarining: “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!” degan hikmatli soʻzlarini keltirib, zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanib borayotganini, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerakligini, ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish holatlari kuzatilishini taʼkidlaganida yuz karra haq edi.
Mafkuraviy xurujlarga qarshi kurashda mamlakatimizning milliy gʻoyasi har birimizga kelajakka ishonch, madad, kuch-gʻayrat, shijoat berib xalqimizni va millatimizni ulugʻvor va bunyodkor ishlarga, vatan, millat, mustaqillik himoyasi yoʻlida birlashtirishga safarbar etadi.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”. Binobarin, oʻz milliy gʻoyasiga ega davlat mustahkam, qudratli va obod boʻlishini barcha yurtdoshlarimiz teran anglashi lozim.
Mansur MUSAYEV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,
siyosiy fanlar doktori