O'g'il bolalar 11 vazn toifasiga ko'ra, qizlar 9 vazn toifasida bellashgan chempionatda 200 dan ortiq sportchi kuchli uchlikdan joy olish maqsadida gilamga tushdi.
Natijada Quvonchbek SHodiev (Chirchiq sh.), Asadbek Abdiev (Angren sh.), Bobur Islomov (Chirchiq sh.), Javohir Rustamov (Chirchiq sh.), Diyor O'rmonaliev (Angren sh.), B.Umrzoqova (Chirchiq sh.) singari polvonlar o'z vazn toifalarida shohsupadan joy oldi. Umumjamoa hisobida esa Chirchiq va Angren shahri polvonlari etakchilikni qo'lga kiritdi.
G'olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal` va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent viloyatida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent viloyati kurash federatsiyasi ijrochi direktori Yoqub Saydullaev. – Bu musobaqa ham qaror ijrosini ta'minlash, shuningdek, yoshlar orasida viloyat terma jamoasiga munosiblarni aniqlash, respublika miqyosida o'tadigan chempionatga saralash kabi vazifalarni o'z ichiga oldi. Chempionatning ko'tarinki ruhda, murosasiz va bayramona tusda o'tishiga bosh-qosh bo'lgan mutasaddilarga polvonlar, federatsiyamiz nomidan tashakkur aytamiz. O'ylaymizki, eng kuchli, deya e'tirof etilgan va respublika chempionatiga yo'llanma olgan yosh polvonlarimiz ertaga mamlakat miqyosidagi bahslarda ham kuchlilar qatorida bo'ladi.
Ilhom RAHMONOV