2025-yil 13-fevral kuni “U-Enter” innovatsion markazida Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi va “YUNESKO”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “13-fevral Butunjahon radio kuni” munosabati bilan “Radioda milliy kontent istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi Bosh direktori Abduaziz Abutalipov birlashmaga aʼzo barcha radiokanallarni "13-fevral Butunjahon radio kuni" munosabati bilan tabriklab ularga "Oltin fond" milliy durdonalar toʻplamini topshirdi.
Konferensiya doirasida tashkil etilgan panel sessiyada radio sohasi istiqbollari, yangi texnologiyalar va mavjud muammolar boʻyicha xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokamalar hamda radio dasturlarida milliy kontent hajmini oshirish va sifatli axborot bilan taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy eshittirishlarni rivojlantirish, sunʼiy intellekt yordamida radiokontent yaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va radio jurnalistlarining malakasini oshirish, shuningdek, radio orqali ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga eʼtibor qaratish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya davomida Oʻzbekiston Milliy media birlashmasiga aʼzo radiokanallar uchun mumtoz, baxshichilik dostonlari, xalq kuylari va folklor qoʻshiqlaridan iborat “Oltin fond” milliy musiqa toʻplami taqdim etildi.
Konferensiya yakunida Oʻzbekiston Milliy media birlashmasining umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro konferensiya radio sohasining dolzarb masalalarini yoritish, milliy kontentni boyitish va xalqaro tajribalarni oʻrganish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi.