Onlayn shaklida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonning Italiyadagi Elchisi Otabek Akbarov ishtirok etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Elchixona Italiyaning “Opera” kompaniyasi bilan uchta yoʻnalish boʻyicha, jumladan sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha ham sal kam ikki yildirki, faol hamkorlik qilib kelyapti ekan.

Tomonlar Namanganda Italiya texnologiyalariga asosan Endokrinologik markazni qurish loyihasi boʻyicha hamkorlikning imkoniyatlari va aniq yoʻnalishlarini muhokama etdilar. Undagi innovatsiyalarning biri — qayerda talab boʻlsa, oʻsha yerda “talab boʻyicha” endokrinologik tekshirish uchun harakatchan brigadalar shakllantirishdan iborat.

Muzokaralar davomida zamonaviy operatsiya zallari, bemorlar va ular bilan birga boʻladigan barcha oila aʼzolari uchun barcha sharoitlari mujassam boʻlgan Bosh Endokrinologik markazini tashkil etish, yaʼni mehmonxona qurishni rejalashtirish kabi loyihaning bosqichlari muhokama etildi.

“Opera”ning avvaldan moʻljallagan hisobi boʻyicha ushbu loyihaga jalb etilishi kerak boʻlgan investitsiya taxminan 12 million yevroni tashkil etadi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi va Italiyaning “Opera” kompaniyasi hamkorligi doirasida amalga oshiriladigan yana boshqa loyihalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.

Paolo De Anjelis soʻzlariga koʻra, Italiyaning tibbiy turizm boʻyicha katta tajribasi bor ekan. Ixtisoslashgan Italiya shifoxonalariga bemorlar butun Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlaridan davolanishga kelar ekan.

“Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimidagi bunday markazi bilan oʻz hududida katta salohiyatga ega boʻladi. Yurtingiz Markaziy Osiyo tibbiyotida muhim rol oʻynashi mumkin”, — dedi u.