Milliy palataning Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida bir qator hududlar aholisi orasidan ijtimoiy yordamga muhtoj qismi bepul tashxislash paketlari (vaucherlar) bilan taʼminlandi. Mazkur paketlarga bemorlarni kardiologiya, urologiya va terapiya yoʻnalishlari boʻyicha skrining tekshiruvidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan laboratoriya tahlillari kiradi.
Loyihaning dastlabki bosqichida tashxislash paketidan Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar aholisi foydalanadi. Ishtirokchilar roʻyxati Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining hududiy boʻlinmalari tomonidan shakllantiriladi.
— “Bugungi kunda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan odamlarning kasalligini oldini olish maqsadida aholi salomatligi skriningiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu haqda Shavkat Miromonovich 26-fevralda boʻlib oʻtgan videoselektorda taʼkidlagandi. Qoʻyilgan vazifani bajara turib, Milliy palata oʻzining Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida aholining skriningi masalasini, ayniqsa ijtimoiy koʻmakka muhtoj aholi skriningi masalasini alohida nazoratga oldi”, — deydi mazkur tizim rahbari Ravshan Izamov.
“SwissLab” kompaniyasi (Oʻzbek-Shveysariya qoʻshma korxonasi) mutaxassislari joriy yil mart-aprel oylari davomida 6 ming kishini laboratoriya tahlilidan oʻtkazadi. Qoʻshma loyiha eng avvalo yuqori sifatli skrining oʻtkazishni maqsad qilgan. Chunki mazkur kompaniyaning laboratoriya tahlillari Yevropa sifati standartlariga mos keladi. Va bu zarur sertifikat bilan tasdiqlangan.
Bu, oʻz oʻrnida, bemorlarni tashxislash darajasini koʻtarish, tashxis qoʻyishda xatolar sonini kamaytirish, tibbiy statistikani yaxshilash va umuman, odamlarning mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga boʻlgan ishonchining ortishiga olib keladi.